$
 12109.02
75.74
 14139.70
78.81
 150.31
1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Pentagon pitsa nazariyasi: Katta voqealardan oldin Pentagon atrofida pitsa buyurmalari keskin oshib ketadimi?

Pentagon Foto: SI

Bugun, 9-yanvar kuni Donald Tramp Meksika hududiga AQSh tomonidan harbiy bosqin boshlanganligini e’lon qildi. Ammo, bu endigina boshlangan 2026-yildagi ilk holat emas.

3‑yanvar kuni AQSh hukumati Venesuelaga aviabombardimonlar bilan hujum qilgandi — bu voqea global siyosiy maydonda katta aks sado berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa shu kuni tonggi soat 2 yoki 3larda Pentagon atrofidagi pitsa buyurtmalari odatdagidan keskin ko‘paygani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu voqea ortidan internetda mashhur bo‘lgan “Pentagon pitsa nazariyasi” yana bir bor muhokama markaziga tushdi.

Ko‘plab onlayn manbalarda aytilishicha, birgina pitsa tayyorlovchi oshxona 700% ustama bilan odatdagidan ko‘proq buyurtma olgan. Diqqat tortuvchi qismi shuki, bu jarayon hujum bo‘lishidan bir necha soat oldin kuzatilgan. Ma’lumot rasman Pentagon yoki AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lib, u “Pentagon Pizza Report” ismli ijtimoiy media kuzatuvchisining OSINT (ochiq manba intellegensiya) ma’lumotlariga tayangan.

Bu nazariya qanchalik haqiqatga yaqin? Pentagonda katta voqealar oldidan rostan ham pitsa buyurtmalari ko‘payadimi? Bu kuzatuv tarixi qaysi voqeaga borib taqaladi?

“Pentagon pitsa nazariyasi” — nazariyami yoki indikator?

Pentagon pitsa nazariyasi, bu — katta geosiyosiy voqeliklar oldidan Pentagon, AQShning boshqa hukumati binolari yoki razvedka idoralariga yaqin joylashgan pitsa restoranlarida kechki ovqat payti kuzatilgan buyurtma yoki mijozlar sonining keskin oshishi haqidagi qarashdir.

Nazariya quyidagicha ishlaydi:

  • Kecha-yu kunduz ishlaydigan harbiy va razvedka xodimlari favqulodda holatlarda ofisda uzoq qoladi.
  • Bu holatda ular tezkor buyurtmalar, xususan pitsa kabi tez yetkaziladigan ovqatlarga tayanishadi.
  • Natijada, atrofdagi pitsa do‘konlarida aktivlik oshadi, bu esa tashqi kuzatuvchilar uchun muayyan “signal” sifatida qabul qilinadi.

Bu g‘oya “Pizza Meter” yoki “Pentagon Pizza Index / PizzINT” deb ham yuritiladi.

Nazariyaning qayerdan boshlandi?

Sovuq urushdan boshlangan kuzatuvlar

Bu qarashlarning ildizi Sovuq urush davridagi Sobiq Ittifoq josuslik xizmatiga borib taqaladi: u paytda turli razvedka xizmatlari AQSh harbiy faoliyati haqida turli “pastki signal”lar orqali xabar topishga intilgan, jumladan oddiy vaziyatlar — masalan, pitsa buyurtmalari norasmiy tarzda kuzatilgan.

1980–1990‑yillar: Frank Meeksning tajribalari

1990‑yilda Vashington atrofida 40dan ortiq Domino’s pizza franshizalarining egasi Frank Meeks Los Angeles Times gazetasiga bergan intervyusida bir nechta mashhur voqealar paytida pitsa buyurtmalari o‘ziga xos tarzda oshganini aytgan. Misol uchun, 1990-yil 1‑avgustda CIA bir kecha ichida 21 ta pitsa buyurtma qilgan, keyingi kuni esa Iroq Quvaytga bostirib kirgan. Meeks keyinchalik 1983–1989 yillardagi Grenada va Panama amaliyotlari oldidan ham shunga o‘xshash yuqori buyurtmalarni qayd etganini bildirgan.

Bu tarixiy misollar qisman hazil tusida qolgan – rasmiy statistik emas, biroq ommaviy media ularni nazariyaning “asosi” sifatida ko‘rsatgan.

Bugungi kun: Pentagon Pizza Report va OSINT

Bugungi kunda bu nazariya Pentagon Pizza Report kabi OSINT hisoblar tufayli oddiy ijtimoiy media kontentiga aylangan. Bu akkauntlar asosan quyidagilarni amalga oshiradi:

  • Google Maps, Yelp yoki boshqa ommaviy joylashuv statistikalaridan foydalanib pitsa do‘konlarining “qanchalik band” ekanini kuzatadi.
  • Ushbu statistik ma’lumotni “shakllantirib”, salbiy yoki ishonchli indikator bo‘lishi mumkin deb talqin qiladi.
  • Bu monitoring ko‘pincha X (Twitter) kabi platformalarda real vaqt yangilanishlari bilan berib boriladi.

Masalan, yaqinda PenPizzaReport xeshtegi ostida Extreme Pizza va Papa Johns kabi do‘konlar faoliyati odatdagidan yuqori bo‘lgani haqidagi postlar avtomatik ravishda tarqaldi.

Venesuela voqeasidagi kuzatuvlar

2026‑yilning ilk kunlarida esa hatto yaxshi mavqega ega ommaviy axborot vositalarida ham Pentagon atrofidagi pitsa buyurtmalarining yuqorilagani haqida xabarlar chiqdi. Masalan, ba’zi onlayn manbalarda aytilishicha, Venesuelaga hujum arafasida pitseriyalar odatdagidan sezilarli darajada ko‘proq buyurtmalar qabul qilgan. Shuningdek, Scripps Media nashridagi maqolada ham , pitsa buyurtmalari hujum bo‘lishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan.

To‘g‘ri bu raqamlar va statistikalar rasmiy emas, ya’ni Pentagon, Mudofaa vazirligi yoki mustaqil fakt‑tekshiruv organlari tomonidan tasdiqlanmagan. Ushbu OSINT ma’lumotlarida buyurtma soni aniq qancha bo‘lgani, ularning 700% yoki boshqa ko‘rsatkich bilan qiyoslash qanchalik ilmiy asosli ekanligi aniqlik bilan tasdiqlanmagan. Ammo, faktik jihatdan aynan bosqin vaqtlarida pitsaxo‘rlikning avj olishi haqiqatan ham noodatiy va qiziqishga arzirli voqelikdir.

OSINT sifatida potensial

Shunga qaramay, ba’zi tadqiqotchilar bu turdagi post‑texnologik kuzatuvlarni past darajadagi OSINT indikatorlaridan biri sifatida ko‘rish mumkin deb baholaydi. Ularning fikricha, bu uslub mudofaa faoliyatining faolligini “bir qator faktlar ichida” qo‘shimcha kontekst sifatida qarash mumkin. Lekin bu mustaqil indikatorning o‘zi bo‘lishi shart emas.

Xulosa qilib aytganda, Pentagon pitsa nazariyasi tarixiy ildizga ega bo‘lgan, media va internet orqali shakllangan fenomen bo‘lib, ayrim real kuzatuvlarga tayanadi. Biroq buni rasman tasdiqlashning imkoni yo‘q. Chunki har qanday davlat ham o‘z harbiy harakatlarini imkon qadar sir tutishga urinishi va niqoblashi tabiiy.

Теги :
Jamiyat