$
 11853.55
6.39
 13869.84
26.43
 141.86
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda pensiya tayinlashda Ozarbayjondagi ish staji hisobga olinadi

Pensiya Foto: Gazeta.uz

Toshkent shahrida 2026-yil 23-avgust kuni oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev huzurida ikkala davlatda mehnat faoliyatini olib borgan fuqarolarning pensiya huquqlarini ta’minlashga qaratilgan pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Mazkur hujjat fuqarolarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularning mehnati bilan orttirilgan huquqlarini davlat chegaralaridan qat’i nazar himoya qilish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.

Ish stajini hisobga olish

Hujjatning asosiy qoidalariga ko‘ra, har bir davlat o‘z hududida hamda o‘z milliy qonunchiligiga muvofiq orttirilgan mehnat staji asosida pensiya tayinlaydi va uning miqdorini hisoblab chiqadi. Agar fuqaroning bir davlatda orttirilgan staji pensiya huquqini yuzaga keltirish uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi davlatdagi tegishli staj ham umumlashtirilgan holda hisobga olinishi mumkin. Bunday vaziyatlarda har bir tomon pensiya miqdorini bevosita o‘z hududida orttirilgan mehnat stajiga muvofiq ravishda belgilaydi.

Boshqa davlatga ko‘chib o‘tganda ijtimoiy huquqlarning saqlanishi

Yangi mexanizmga binoan, tayinlangan pensiya to‘lovlari fuqaroning boshqa tomon yoki uchinchi davlat hududida yashashi sababli kamaytirilmaydi, to‘xtatib turilmaydi va bekor qilinmaydi. Fuqaro o‘z arizasiga ko‘ra to‘lovlarni pensiyani tayinlagan davlatning o‘zida olishi yoki uni ikkinchi davlat hududiga o‘tkazishi mumkin.

Murojaat qilish jarayonlarining soddalashtirilishi

Fuqarolar pensiya tayinlash, qayta hisoblash, to‘lash hamda to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqishga oid murojaatlarini tomonlardan birining tegishli muassasasiga topshirishlari kifoya qiladi. Bitimda nazarda tutilgan holatlarda ushbu murojaat ikkinchi davlatga ham berilgan deb hisoblanadi. Talab etiladigan barcha zarur ma’lumotlar va hujjatlar ikkala mamlakatning vakolatli idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yuboriladi.

Idoralararo hamkorlik va kuchga kirish shartlari

O‘zbekiston va Ozarbayjonning vakolatli organlari hamda tegishli muassasalari pensiya tayinlash va to‘lash masalalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri axborot almashadi hamda o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatadi. Bu ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va masalalarni tezkor hal etishga xizmat qiladi.

Yangi Bitim tegishli huquqiy tartib-taomillar yakunlangach kuchga kiradi. Hujjatni amalda qo‘llashning tashkiliy va texnik jihatlari ikki tomon o‘rtasida tuziladigan alohida Ma’muriy kelishuv bilan tartibga solinadi. Umuman olganda, ushbu Bitim ikkala davlatda mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini himoya qilish uchun zamonaviy huquqiy mexanizmlarni yaratadi hamda tomonlarning o‘z hududlarida orttirilgan pensiya huquqlari bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajarishini ta’minlaydi.

Теги :
Jamiyat