$
 11986.56
26.47
 13691.65
21.27
 152.09
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘rtacha pensiya 2 million so‘mdan oshishi mumkin: Bu kimlarga taalluqli?

pensiya

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tayyorlagan 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada O‘zbekistonda pensiyalarni bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, yaqin yillarda o‘rtacha pensiya 2 million so‘mdan oshishi, uni hisoblash tartibi yangilanishi va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, ushbu o‘zgarishlar fuqarolarga qanday ta’sir qiladi?

O‘rtacha pensiya 2 million so‘mdan oshishi mumkin

Hujjatga ko‘ra, hozir o‘rtacha 1,7 million so‘mni tashkil etayotgan pensiya miqdori 2027-yilda 1,8 million so‘mga, 2028-yilda 1,9 million so‘mga va 2029-yilda 2,1 million so‘mga yetishi prognoz qilingan. Agar bu reja amalga oshsa, ilk bor mamlakatdagi o‘rtacha pensiya 2 million so‘mlik chegaradan oshadi.

Pensiya oluvchilar soni ham yildan yilga ko‘payib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda 4 million 427 ming nafar bo‘lgan pensionerlar soni 2027-yilda 4 million 592 ming nafarga, 2028-yilda 4 million 760 ming nafarga va 2029-yilda 4 million 940 ming nafarga yetadi.

Hozirgi ma’lumotlarga qaraganda, 1-iyun holatida O‘zbekistonda 4,35 milliondan ortiq pensioner bor. Ularning qariyb 3,6 million nafari yoshga doir pensiya oladi. Yana 484,5 ming kishi nogironlik pensiyasi, 260,6 ming nafari esa boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olmoqda.

Pensiya jamg‘armasi xarajatlari oshmoqda

Pensiya oluvchilar soni ortgani sayin Pensiya jamg‘armasi zimmasidagi xarajatlar ham oshib bormoqda. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, jamg‘arma xarajatlari 2027-yilda 95,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu 2026-yilga nisbatan qariyb 11 foiz ko‘p. 2028-yilda xarajatlar 106,9 trillion so‘mga, 2029-yilda esa 119,4 trillion so‘mgacha yetishi mumkin.

Jamg‘arma daromadlari ham o‘sishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ular 2027-yilda 73,8 trillion so‘m, 2028-yilda 83,3 trillion so‘m va 2029-yilda 96,1 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu tushumlarning asosiy qismi ijtimoiy soliq hisobidan shakllanadi.

Natijada Pensiya jamg‘armasidagi taqchillikni davlat byudjeti hisobidan qoplash davom etadi. Rejalarga ko‘ra, 2027-yilda jamg‘armaga 23 trillion so‘m, 2028-yilda 25 trillion so‘m, 2029-yilda esa 27 trillion so‘m transfert ajratiladi. Tahlillarda aynan jamg‘armaning byudjetga qaramligi ortib borayotgani pensiya tizimini chuqur isloh qilish zarurligini ko‘rsatayotgani qayd etilgan.

Shu maqsadda bir qator takliflar ishlab chiqilgan. Ular orasida norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha ayrim imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilish, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni pensiya tizimiga kengroq jalb etish hamda to‘langan soliq bilan kelajakdagi pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish bor. Bundan tashqari, pensiya tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan. Mutaxassislar bu o‘zgarishlar tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashi, davlat byudjetiga tushadigan yukni kamaytirishi va fuqarolarni rasmiy daromad ko‘rsatishga ko‘proq rag‘batlantirishini ta’kidlamoqda.

Pensiya hisoblash tartibi ham o‘zgarishi mumkin

14-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga pensiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida taqdimot o‘tkazildi. Unda amaldagi hisoblash tizimini o‘zgartirishga oid bir nechta muhim takliflar bildirildi.

Hozir pensiya fuqaroning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi eng yaxshi besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Bundan tashqari, ish haqining 6 million so‘mdan yuqori qismi hisobga olinmaydi. Shu sabab ayrim fuqarolar uzoq yillar yuqori maosh olgan bo‘lsa ham, pensiya miqdori kutilganidan pastroq chiqmoqda.

Yangi takliflarga ko‘ra, pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Shu bilan birga, daromad juda past bo‘lgan ayrim davrlarni hisob-kitobdan chiqarish imkoniyati ham berilishi rejalashtirilgan. 2027-yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining maksimal chegarasi 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mga oshirilishi ham taklif etilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasini o‘rtacha 8 foizga oshirishi mumkin.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi bo‘yicha ham yangi mexanizm taklif etilgan. Oylik ish haqi 7,6 million so‘mgacha bo‘lgan fuqarolar o‘z hisobiga ish haqining 5 foizini o‘tkazsa, davlat unga qo‘shimcha 2,5 foiz mablag‘ qo‘shadi. Oyligi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa shu chegaradan ortiq qism bo‘yicha to‘langan ijtimoiy soliqning 1 foizini ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etilgan. Bu tizim fuqarolarning kelajakdagi pensiyasini ko‘paytirish bilan birga, uzoq muddatli shaxsiy jamg‘armalarni shakllantirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat