$
 12009.29
-4.23
 13699.00
49.24
 154.74
-5.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Yana bir “Pelmen” fenomeni: Oddiy o‘yinchoq qanday qilib ajiotajga aylandi?

Pelmen Foto: SI

So‘nggi oylar ichida TikTok'da “Dumpling Squishy” yoki “Squishy Bun” nomi bilan tanilgan anti-stress o‘yinchoqlari eng tez ommalashayotgan mahsulotlardan biriga aylandi. Pelmen yoki bug‘da pishirilgan bulochkaga o‘xshash bu yumshoq o‘yinchoqlar “blind box” — ya’ni ichidagi mahsulot oldindan noma’lum bo‘lgan qutilarda sotiladi. Xaridor qutini ochmaguncha unga qaysi rang yoki qaysi noyob variant tushganini bilmaydi.

Mazkur mahsulot aslida yangi g‘oya emas. Yumshoq siqiladigan “squishy” o‘yinchoqlar bozorda bir necha yildan buyon mavjud. Biroq aynan pelmen shaklidagi blind box versiyasi 2025-yil oxiri va 2026-yil boshida TikTok orqali ommalashishni boshladi.

Trendning asosiy sababi — o‘yinchoq emas, kutilmagan natija

Mutaxassislarning fikricha, mahsulotning mashhurligiga uning anti-stress xususiyatidan ko‘ra “blind box” konsepsiyasi ko‘proq ta’sir qilgan.

Har bir qutida oddiy rangdagi yoki kam uchraydigan yarim shaffof, yaltiroq va maxsus dizayndagi pelmen bo‘lishi mumkin. Aynan shu noaniqlik xaridorni yana va yana yangi quti sotib olishga undaydi. TikTok’da esa qutini ochish jarayoni alohida kontentga aylangan. Foydalanuvchilar o‘zlariga qaysi variant tushganini videoga olib, hissiyotlarini namoyish qiladi. Noyob nusxa chiqqan videolar millionlab tomosha yig‘ayotgan bo‘lsa, oddiy variant chiqqan foydalanuvchilarning hafsalasi pir bo‘lgani aks etgan videolar ham keng tarqalmoqda.

Trend geografiyasi

Hozirgi vaqtda pelmen shaklidagi anti-stress o‘yinchoqlar trendi eng avvalo AQShda ommalashgan. Aynan shu mamlakatda “blind box” formatida sotiladigan Squishy Dumpling o‘yinchoqlari TikTok orqali millionlab foydalanuvchilar e'tiborini tortdi va qisqa vaqt ichida 2026-yilning eng mashhur kolleksion o‘yinchoqlaridan biriga aylandi.

Trend keyinchalik Kanada va Buyuk Britaniyaga ham tarqaldi. Bu davlatlarda ham o‘yinchoq bolalar va o‘smirlar orasida katta qiziqish uyg‘otyapti. Shuningdek, Hindiston va Ispaniyada ham mahsulotga talab ortib, mahalliy OAV uni ijtimoiy tarmoqlardagi navbatdagi global trend sifatida baholamoqda.

Bozordagi narxi qancha?

AQShda bunday o‘yinchoqlarning rasmiy chakana narxi odatda 5 dollar atrofida. Ayrim internet-do‘konlarda narx 5–15 dollar oralig‘ida bo‘lsa, kam uchraydigan yoki kolleksion variantlar ikkilamchi bozorda bundan ancha qimmat narxlarda sotilmoqda.

Trend Rossiya va boshqa davlatlar bozoriga ham kirib borgan. Rossiya marketpleyslarida bitta blind box o‘rtacha 400 rubl atrofida narxlanyapti.

Hozirga kelib mazkur o‘yinchoqni O‘zbekiston bozorlarida ham uchratish mumkin. Mahalliy marketpleyslarda pelmen shaklidagi anti-stress blind box’lar 53 100 so‘mdan taklif etilmoqda.

Haqiqatan ham stressni kamaytiradimi?

Psixologiyada qo‘l bilan siqiladigan sensor o‘yinchoqlar yangi tushuncha emas. Ayrim tadqiqotlar bunday buyumlar qisqa muddat davomida qo‘l harakatini band qilish orqali asabiylikni kamaytirishi yoki diqqatni jamlashga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shu sababli ular stressga qarshi vosita sifatida sotiladi.

Ammo mutaxassislar ularni stress yoki xavotirni davolovchi vosita sifatida qabul qilish noto‘g‘ri ekanini ta'kidlaydi. Bunday o‘yinchoqlar faqat vaqtinchalik yengillik berishi mumkin, xolos.

Trendning salbiy tomonlari ham mavjud

Mutaxassislar asosiy xavfning o‘yinchoqda emas, balki uni sotish usulida ekanini qayd etmoqda.

Blind box tizimi xaridorda “keyingi qutidan noyob variant chiqishi mumkin” degan kutishni shakllantiradi. Natijada ayrim bolalar va o‘smirlar istagan variantni topish uchun ketma-ket bir nechta quti xarid qilishni boshlaydi. Bu esa impulsiv xaridlarni kuchaytirishi mumkin.

Yana bir muammo — ijtimoiy tarmoqlardagi bosim. TikTok’da noyob variant chiqargan foydalanuvchilar millionlab ko‘rishlar yig‘ayotgani sababli, boshqalarda ham aynan shunday natijaga erishish istagi paydo bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda turli mamlakatlarda sifatsiz nusxalar bilan bog‘liq xavfsizlik muammolari ham qayd etildi. Ayrim qalbaki mahsulotlar tarkibidagi kimyoviy moddalar sabab bolalarda allergik reaksiyalar kuzatilgani, yana ayrim holatlarda esa internetdagi xavfli trendlar ta'sirida o‘yinchoqni mikroto‘lqinli pechda qizdirish oqibatida jiddiy kuyish holatlari yuz bergani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu hodisalar asosan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nusxalar va mahsulotdan noto‘g‘ri foydalanish bilan bog‘liq.

Marketing kuchi

Pelmen shaklidagi anti-stress o‘yinchoqlarning muvaffaqiyati ularning funksiyasidan ko‘ra marketing modeli bilan izohlanadi. Blind box usuli, TikTok'dagi unboxing videolari va noyob variantlarni yig‘ish istagi oddiy anti-stress o‘yinchog‘ini global trendga aylantirdi.

O‘zbekistonga ham kirib kelgan ushbu mahsulotning ommalashishi ijtimoiy tarmoqlar iste'molchilarning xarid odatlariga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatayotganini yana bir bor namoyish etmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar bunday mahsulotlarni xarid qilishda ularning sifati, xavfsizlik sertifikatlari va bolalarning ortiqcha xarid qilish odatlariga e'tibor qaratishni tavsiya etmoqda.

Labubu va Sonny Angel fenomeni

Pelmen shaklidagi anti-stress o‘yinchoqlar aslida ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan ilk kolleksion mahsulot emas. So‘nggi ikki yil ichida shunga o‘xshash ikkita yirik trend — Labubu va Sonny Angel butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

2024-yilda Xitoyning POP MART kompaniyasi ishlab chiqargan Labubu qo‘g‘irchoqlari TikTok va Instagram orqali global trendga aylandi. Mahsulotlar “blind box” formatida sotilgani, ya’ni xaridor qutini ochmaguncha qaysi figurka chiqishini bilmagani sababli ularga talab keskin oshdi. Jarayonga mashhur san’atkorlar va blogerlarning ham qo‘shilishi trendni yanada kuchaytirdi. Natijada Labubu nafaqat kolleksion o‘yinchoq, balki sumka aksessuari va moda elementi sifatida ham ommalashdi.

Bundan avval esa Sonny Angel figurkalari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Asli 2004-yilda Yaponiyada yaratilgan ushbu qo‘g‘irchoqlar 2023–2024-yillarda TikTok orqali yana mashhurlikka erishdi. Ular ham “blind box”larda sotiladi va kolleksiya yig‘ish tamoyiliga asoslanadi. Foydalanuvchilar Sonny Angel figurkalarini telefon, noutbuk yoki boshqa buyumlarga bezak sifatida o‘rnatib, ijtimoiy tarmoqlarda ulashishni boshlagach, mahsulotga talab keskin oshdi.

Теги :
Jamiyat