Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 68 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +6°

Fargʻona pedagogika mahorat markazidagi ayollar xonasida yashirin kamera aniqlandi

Viloyat IIBning ta’kidlashicha, u dars mashgʻulotlari oʻtkaziladigan auditoriya boʻlgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Fargʻona pedagogika mahorat markazidagi ayollar xonasida yashirin kamera aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona pedagogika mahorat markazidagi ayollar xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgani haqidagi videolar tarqaldi. Fargʻona viloyati IIBning aniqlashicha, u dars mashgʻulotlari oʻtkaziladigan auditoriya boʻlgan. Holat yuzasidan ma’muriy ish qoʻzgʻatilgan.

Kichik uycha ichiga oʻrnatilgan yashirin kamera

Fargʻona pedagogika mahorat markazidagi xonalardan birida yashirin kamera aniqlandi. U xonadagi shkaf ustida turgan, qoʻl mehnati bilan yasalgan kichik uycha ichiga oʻrnatilgan boʻlgan.

Kamerani mahorat markaziga malaka oshirishga kelgan oʻqituvchilar topib olgan. Ular holatni video tasvirga olib, yashirin kamera oʻrnatilganidan norozi boʻlishgan hamda xonada ayrim ayol-qizlar usti-boshini ham almashtirganini aytishgan.

Markazda hech qanday yechinib-kiyinish xonasi mavjud emas

Holat yuzasidan Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqilgan. Oʻrganish jarayonida ushbu xona ayollar xonasi emas, dars mashgʻulotlari oʻtkaziladigan auditoriya ekanligi, kamerani markaz oʻqituvchilaridan biri oʻrnatib qoʻyganligi aniqlangan.

“Aynan oʻsha auditoriyaning kamerasi ishlamay qolganligi sababli qoʻyilgan edi. U oʻquv xonasi boʻlgan. Bizning kafedraning 6 ta auditoriyasi bor. Markazimizda hech qanday yechinib-kiyinish xonasi ham, yotoqxona ham mavjud emas.

Bizning bitta xatoyimiz kamerani ochiq oʻrnatmaganimiz. Men bu darajada shov-shuv boʻlib ketadi deb oʻylamagandim. Albatta, bu kamchiligimizni toʻgʻirlashga harakat qilamiz. Afsusdaman, uzr soʻrayman. Maqsadim shu dars jarayoni haqida ma’lumotga ega boʻlish edi”, – degan kamerani oʻrnatib qoʻygan oʻqituvchi.

Pedagogika markazining rasmiy munosabati

Holat yuzasidan markaz ham rasmiy munosabat bildirdi. Unda keltirilishicha, holat tegishli tartibda hududiy markaz mas’ullari tomonidan oʻrganib chiqilgan.

“Joriy yilning 12-sentyabr kuni hududiy markazga kelgan tinglovchilar 34-auditoriyada targʻibot vositasi sifatida qoʻyilgan oʻqituvchilar qoʻl mehnati bilan yaratilgan kichik uychani koʻzdan kechirishayotganda uning ichida kichik kamera tasvirga oliyayotganining guvohi boʻlishgan. Voqelikdan markaz mutasaddilarini ogohlantirishgan.


Shu kuni ma’muriyat tomonidan mazkur kamera nima maqsadda qoʻyilgani mavhum boʻlgani uchun huquq-tartibot idoralariga holatga oydinlik kiritishga yordam berishlarini soʻrab murojaat qilingan”, – deyiladi markaz rasmiy munosabatida.

Hujjatlar rasmiylashtirilgan

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avval Qoʻqon davlat pedagogika institutida talabalar yotoqxonasida yashirin kamera oʻrnatilgani aniqlangani hqaida xabar berilgandi. Oʻshanda vaziyat sudgacha borib, oliygohning bir nechta mas’ullariga jarima jazosi qoʻllanilgan edi.