$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Mehnatga majburlash emas, foydaga jalb qilish

positive

Joriy yilning 9-oktyabridan O‘zbekistonda qo‘lda terilgan paxta uchun beriladigan haq miqdori oshirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1 kilogrami uchun joyida haq

Endilikda terimchilar qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrami uchun 2 500 so‘mdan olishadi.

Qayd etilishicha, mazkur mablag‘ning 2 ming so‘mi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, 500 so‘mi esa klaster hisobidan ajratiladi. Terimchilar dalaning o‘zida mablag‘larni olishadi.

Avval qancha to‘langan?

Bungacha qo‘l terimi uchun beriladigan haq har bir kilogrami uchun 1500 so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu ma’lum bir qiyinchiliklarni tug‘dirgan hamda terimchilarni mavsumiy ishga jalb etishda noqulay vaziyatni keltirib chiqargan.

O‘tgan yilda “oq oltin” ko‘rgan zarar

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilgi tadbirkorlar bilan muloqotda klasterlar 6 trln. so‘m zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi. Sababi paxta tolasining narxi jahon bozoridagidan ikki baravar yuqori xarid narxi edi.

Tabiiy boylikdan yaxshiroq foyda olish uchun qanday yechimlar bor?

Aniq-ki, paxtani jahon bozorida xomashyo shaklida sotish, tabiiy boylikdan minimal foyda olish degani. Bunday zararning oldini olish uchun esa O‘zbekistonning o‘zida tayyor mahsulot bosqichigacha yetib borish zarur.

Shunga qaratilgan holda, avgust oyida to‘qimachilik korxonalariga paxta xomashyosini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilangan. Kredit miqdori paxta tannarxining 20%igacha bo‘lib, yillik 10%dan 10 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Bundan tashqari, sentyabr oyida hukumat paxtaning minimal narxlarini belgiladi. Barcha birja shartnomalarida bir tonna uchun minimal narx 6,8 mln. so‘m miqdorida qayd etilgan.

Terimga majburlashning azaliy “qurbonlari“

Paxta terimiga majburlashning eng og‘riqli nuqtasi ta‘lim va o‘qituvchilar bo‘lib kelgan. Qonunchilikda o‘qituvchilarni paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb qilish to‘xtatilgan. Biroq bir necha kunlardan beri ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilar yana paxta dalasiga qaytmoqda, degan xabarlar tarqalmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni paxta xom-ashyosi narxi shakllanishi bilan bog‘lagan. “Sentyabr maoshini olishi kechikkan o‘qituvchilar paxtaga odam topib berishi yoki ota-onalar chiqib berishi talablari bu xato qarorning oqibatlari. Fermer majburlangandan keyin navbat keyingi huquqsiz qatlam o‘qituvchiga yetadi-da. 8 yil aylana bo‘ylab yurganmidik? Boshlagan joyimizga qaytdikmi?”, deydi iqtisodchi.

Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta narxi tushirilishi hamda fermerlar majburlanayotganiga munosabat bildirgandi. Vazirlik 90%dan ortiq fermerlar kelishuvga asosan o‘z shartnomalarini qayta rasmiylashtirganini, subsidiyaga ega bo‘lib, paxta xom ashyosini umumiy qiymati 7 800 so‘mdan topshirayotganini ta’kidladi.

Теги :
Жамият