$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

JST tomon yoʻl: “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi

plat

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha katta marralar belgilangan. Bunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya masalalari muhim ahamiyatga ega. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-fevraldagi farmoniga asosan, sohadagi davlat boshqaruvi takomillashtirildi hamda yangi vazifalar qoʻyildi.

12 mingta tasdiqlangan va 1 ming 40 ta qabul qilingan xalqaro standartlar

Soʻnggi yillarda 12 mingta standart tasdiqlangan edi. Yil boshidan buyon yana 1 ming 40 ta xalqaro standart qabul qilindi. Mahsulot xavfsizligi va sifatini ta'minlash maqsadida 29 ta texnik reglament ishlab chiqildi. Shuningdek, sanoat korxonalari va tadbirkorlarga yetkazilib, sertifikatlar olishiga koʻmaklashilayotgani qayd etildi.

Mutasaddilar sohada qilingan ishlar, yil yakunigacha va keyingi yilga moʻljallangan rejalar boʻyicha axborot berdi.

Davlat rahbari tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini ta'kidlab, qoʻshimcha vazifalarni belgilab berdi.

Xalqaro darajada tan olingan sinovlar 

Bugungi kunda yurtimizdagi 269 ta laboratoriyadan atigi 64 tasida oʻtkazilgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Oqibatda tadbirkorlar mahsulotlarini eksportga olib chiqishda qoʻshimcha sinovlar oʻtkazishga majbur boʻlmoqda.

Shu bois xalqaro tan olinadigan laboratoriyalarni koʻpaytirish, elektr texnikasi, qurilish materiallari, mashinasozlik kabi sohalarda 10 ta yangi laboratoriya tashkil qilish zarurligi aytildi.

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo boʻlish yoʻlidan bormoqda. Shu sababdan texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilikni ushbu tashkilot talablariga moslashtirish muhimligi ta'kidlandi.

 “Texnik tartibga solish” elektron platformasi 

Joriy yilda 340 ta milliy standart, 2025-yil yakunigacha yana 38 ta reglament ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. 28 ta texnik qoʻmita, laboratoriyalar faoliyatini raqamlashtirish uchun “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushirilishi aytildi.

“Sohada sifat va samarani ta'minlash uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar kerak. Shu bois sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha topshiriq berildi”, - deyiladi Prezident matbuot xizmati bergan maʼlumotda.

JST qanday tashkilot? Unga aʼzo boʻlishning qanday afzalligi bor?

Jahon savdo tashkiloti (JST) davlatlar o‘rtasidagi savdoni tartibga solish bilan shug‘ullanuvchi nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Hozirda JSTga a’zo mamlakatlar soni 166 tani tashkil etgan boʻlib, dunyo bo‘ylab savdoning 95 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi.

 JST tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk obyektlari xalqaro savdosi sohasida “kamsitmaslik” tamoyili ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan tashkilot hisoblanadi. Ushbu tamoyil asosida a’zo davlatlar tomonidan o‘z savdo hamkorlari, shuningdek, xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchi, xizmat ko‘rsatuvchilar orasida kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlanadi.

Natijada JSTga a’zo har bir davlat xalqaro savdoning teng huquqli subyekti sifatida boshqa a’zolar bilan bir xil imkoniyatlar asosida tashqi iqtisodiy va savdo munosabatlarini olib boradi.

Oʻzbekistonda JSTga aʼzo boʻlish yoʻlida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov batafsil maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, keyingi yillarda Oʻzbekistonda JSTga a’zolik bo‘yicha ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Xususan, a’zo davlatlar bilan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

Ta’kidlash joizki, milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Prezidentning qaroriga asosan Adliya vazirligiga milliy qonunchilikning JST bitimlariga uyg‘unligini ta’minlash vazifasi yuklatildi. 

Adliya vazirligi bu borada qanday ishlarni amalga oshirdi? 

Adliya vazirligi tomonidan nafaqat normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmoqda, balki vazirlik tashabbusi bilan amaldagi qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.  

Shu munosabat bilan “Milliy rejim”, ya’ni mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida kamsitmaslikni ta’minlash hamda milliy intellektual mulk tizimini xalqaro talablarga moslashtirish maqsadida 2024-yil 15-fevralda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi.  

Mazkur qonun bevosita milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan va intellektual mulk, reklama, dori vositalari va farmatsevtika faoliyati hamda davlat bojiga oid qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. 

Ushbu qonun qabul qilinguniga qadar davlat boji miqdorlari xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 10 baravari miqdorida, mahalliy yuridik shaxslar uchun esa BHMning 1 baravari miqdorida o‘rnatilgan edi. 

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun o‘rnatilgan davlat boji birxillashtirilgan holda BHMning 1 baravari miqdorida belgilanishi bilan tegishli qonunchilik hujjatlari JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimiga muvofiqlashtirildi. 

Qonunchilikdagi bu o‘zgartirishlar qanday natija beradi? 

Bu xorijiy investorlar va rezidentlar uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bilan bir qatorda, iqtisodiyotimizga kiritiladigan investitsiyalar ko‘lami kengayishiga xizmat qiladi. 

Bundan tashqari, qonunda milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bog‘liq jihatlari to‘g‘risidagi bitimi, ya’ni TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirish nazarda tutilgan. 

Ma’lumot uchun: TRIPS bitimi JSTga a’zo davlatlar tomonidan intellektual mulkni huquqiy muhofaza va himoya qilish bo‘yicha minimal talablarni belgilovchi bitim hisoblanadi.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunda rezidentlar va norezidentlar uchun belgilangan patent boji miqdorlari bir-biridan sezilarli darajada farq qilar edi. Masalan, ixtironi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun talabnoma topshirganlik, rasmiy ekspertizadan o‘tkazganlik va ma’lumotlarni e’lon qilganlik uchun rezidentlardan BHMning 1 baravari miqdorida boj undirilishi belgilangan bo‘lsa, xuddi shu harakatlar uchun norezidentlarga BHMning 17 baravari miqdorida patent boji to‘lash nazarda tutilgan edi.  

Yangi qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan esa patent boji to‘lovchilari sifatida ko‘rsatilgan rezident va norezident mos ravishda jismoniy va yuridik shaxs deb o‘zgartirilib, ular tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan patent boji miqdorlari birxillashtirildi.  

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulay sharoit 

Ta’kidlash lozimki, davlat bojlari miqdorlarini kamaytirish orqali O‘zbekistonda o‘z intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilishni rejalashtirgan jismoniy va yuridik shaxslarga qulay sharoit yaratildi.  

Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimini TRIPS bitimi talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz undan foydalanishga ruxsat berish mumkin bo‘lgan aniq holatlar hamda ularga tovon puli to‘lanishini belgilab berish, o‘zga shaxsga tegishli sanoat mulki obyekti (patent)dan jamoat manfaatlari uchun majburiy litsenziya asosida foydalanish huquqini olish va bunday foydalanganlik uchun patent egasiga mutanosib miqdorda tovon puli to‘lanishiga oid alohida normalar kiritildi. Insofsiz raqobat oqibatida ro‘yxatga olingan tovar belgilarini bekor qilish bo‘yicha da’vo muddati bekor qilindi. 

Ixtiro va foydali modellarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, ta’lim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs bo‘lgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berish, original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinik oldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilishni ko‘zda tutuvchi qoidalar kiritildi.

Milliy qonunchilikni JST bitimlari talablariga muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zo davlatlar bilan o‘tkazayotgan ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarining samaradorligiga sezilarli hissa qo‘shadi. Shuningdek, bu Oʻzbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni yanada jadallashishini ta’minlaydi.