Nursiz kun: Paralimpiya o‘yinlarining 5-kuni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun medallarsiz yakunlandi
1-sentyabr kuni Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining 3 nafar a’zosi ishtirok etdi. Sportchilarimiz qayd etgan natija va bugungi kunga atalgan dastur bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

1-sentyabr kuni Paralimpiya musobaqalarining 5-kuni o‘tkazilib, unda O‘zbekiston delegatsiyasining 3 nafar a’zosi ishtirok etdi. Bular: para akademik eshkak eshish PR1 bahslarida — Muxayyo Abdusattorova, para yengil atletika T12 (uzunlikka sakrash) bahslarida — Yoqutxon Xolbekova hamda para yengil atletika T13 (100 m. yugurish) bahslarida — Doniyor Axmedov. O‘tgan kundan farqli, ushbu kunda sportchilarimizga shohsupaga ko‘tarilish baxti nasib qilmadi. Shunda bo‘lsa-da, biz an’anamizga muvofiq ravishda sportchilarimizning qayd etgan natijalari bilan sizni tanishtirib boramiz.
Muxayyo Abdusattorova “B” finalda ishtirok etdi
Para akademik eshkak eshuvchimiz Muxayyo Abdusattorova bundan biroz avval “B” finalda startga chiqdi. Vakilimiz ushbu dasturda 12 daqiqa 25.03 soniya natija ko‘rsatib, marraga 5-bo‘lib yetib keldi. Shu tariqa Muxayyo Abdusattorova Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarini 11-o‘rinda yakunladi.
Yoqutxon Xolbekova final dasturida ishtirok etdi
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida T12 klassida uzunlikka sakrash dasturida ishtirok etgan hamyurtimiz Yoqutxon Xolbekova 3.43 metr natija qayd etdi va musobaqani 9-o‘rinda yakunladi. Qayd etish lozimki, amaldagi jahon chempioni hisoblangan hamyurtimiz Yoqutxon Xolbekova musobaqadan oldingi mashg‘ulot jarayonida olgan jarohati tufayli yuqori natija qayd eta olmadi.
Doniyor Axmedov mavsumdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi
Bundan biroz avval para yengil atletikaning erkaklar o‘rtasida T13 klassida 100 metrga yuugurish bo‘yicha saralash bahslari yakunlandi. Ushba dasturda startga chiqqan vakilimiz Doniyor Axmedov 11.42 soniya natija bilan o‘zining joriy mavsumdagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Biroq ushbu natija hamyurtimizning keyingi bosqichga chiqishiga yetarli bo‘lmadi.
Bugungi kun dasturi
Bugun Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining 12 nafar a’zosi ishtirok etadi:
13:00. Doniyor Saliyev
para yengil atletika T12 | erkaklar | uzunlikka sakrash
13:15. Nataliya Semyonova
para yengil atletika F56 | ayollar | nayza uloqtirish
13:48. Yoqutxon Xolbekova
para yengil atletika T12 | ayollar | 400 m. yugurish
13:49. Kirill Pankov
para suzish S13 | erkaklar | 50 m. erkin
13:49. Muzaffar Tursunxo‘jayev
para suzish S13 | erkaklar | 50 m. erkin
13:49. Kirill Pankov
para suzish S13 | erkaklar | 50 m. erkin
13:55. Shoxsanam Toshpo‘latova
para suzish S13 | ayollar | 50 m. erkin
13:55. Muslima Odilova
para suzish S13 | ayollar | 50 m. erkin
14:02. Nurxon Qurbonova
para yengil atletika F54 | ayollar | yadro uloqtirish
15:12. Asila Mirzayorova
para yengil atletika T11 | ayollar | 100 m. yugurish
15:15. Boburjon Omonov
para yengil atletika F41 | erkaklar | yadro uloqtirish
22:15. Izzat Turg‘unov
para yengil atletika T36 | erkaklar | uzunlikka sakrash



