Paris-2024: Delegatsiyamiz aʼzolari yana 3 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Hozirda O‘zbekiston jamoasi jami 26 ta medal bilan umumjamoa hisobida 13-o‘rinni qayd etib turibdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Delegatsiyamiz hisobidagi medallar 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronzaga yetdi. Hozirda O‘zbekiston jamoasi jami 26 ta medal bilan umumjamoa hisobida 13-o‘rinni qayd etib turibdi.
Bronza medali
Para dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida J2 klassida -90 kg vazn toifasida bronza medal uchun tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik Dovurxon Karomatov gruziyalik Lasha Kizilashvilini mag‘lubiyatga uchratdi va delegatsiya hisobiga 7-bronza medalni qo‘shib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, bu Dovurxon Karomatovning faoliyatidagi ikkinchi Paralimpiya medali hisoblanadi. U bundan avval Tokioda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Kumush medali
Musobaqaning para pauerlifting bahslarida -73 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Roza Qo‘ziyeva 147 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, Roʻza bahslar davomida ikki marotaba paralimpiya o‘yinlari rekordini yangilashga ham ulgurdi. Lekin braziliyalik Mariana D‘Andrea 148 kg natija bilan yakunda eng yaxshi natijani ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Oltin medali
Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F54 klassida nayza uloqtirish dasturida final bahslari yakunlandi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nurxon Qurbonova 21,12 metr natija qayd etgan holda jahon rekordini yangiladi va delegatsiya hisobiga 10-oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, F54 klassida nayza uloqtirish bo‘yicha amaldagi jahon rekordi ham aynan Nurxon Qurbonovaning o‘ziga tegishli edi. Sportchi joriy yil Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 20,73 metr natija bilan jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘lgan edi.
11-kun dasturi
8-sentyabr, Paralimpiya o'yinlarining soʻnggi kunida ishtirok etuvchi sportchilarimiz bilan tanishing:
PARA OGʻIR ATLETIKA
13:42 Husniddin Usmonov
Ogʻir atletika | erkaklar | 88kg
PARA KANOE
13:56 Shahzoda Mirzayeva
Para kanoe VL3 | ayollar | 200m ga
13:56 Haymurod Sherquziyev
Para kanoe VL3 | erkaklar | 200m ga



