$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonni Qirg‘iziston ustidan xalqaro arbitraj sudiga ariza topshirishga majbur qilgan pansionatlar masalasi yopildi

O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi pansionatlari

O‘zbekiston sovet davrida o‘ziga tegishli bo‘lgan Issiqko‘ldagi 4 ta pansionatni 49-yilga ijaraga oldi. Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston hukumati bilan Issiqko‘ldagi pansionatlarni topshirish bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi kelishmovchilik

2016-yilning aprelida O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi 4 ta pansionati – “Oltin qumlar”, “Rohat NBU”, “Dilorom” va “Bo‘ston” Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tgandi. Bunday qarorni Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Temir Sariyev qabul qilgan. O‘zbekiston ushbu pansionatlarning qaytarilishi bo‘yicha xalqaro arbitraj sudiga ariza topshirgan. Aniqlanishicha, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev O‘zbekistonga kelganda yangi kelishuvni tuzishni taklif qilib kelishmovchilikni hal qilishga harakat qilgan. Kelishuvga ko‘ra, pansionat yerlari Qirg‘iziston mulki bo‘lib qoladi, pansionatlar esa O‘zbekistonga qaytariladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston pansionatlarga huquqlar rasmiylashtirilgandan keyin ularni yil bo‘yi ishlash imkoniyati bilan 3-4 yulduzli darajaga yetkazishi kerak bo‘ladi.   

Hujjat mazmuni

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida Issiqko‘l viloyatida joylashgan kurort va dam olish maskanlari to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi. Bu haqdagi hujjat (.pdf) Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi saytida e’lon qilingan. Hujjat bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida Issiqko‘ldagi to‘rtta pansionatni 49-yil muddatga Toshkentga berish to‘g‘risidagi kelishuv tasdiqlandi. Hujjat ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan rekreatsiya zonalariga egalik huquqini tartibga solish, shuningdek, ularning keyingi faoliyatini ta’minlash uchun mo‘ljallangan. Shartnomaga ko‘ra, pansionat xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi kerak.

Pansionatlarning vakolati kimga berildi?

Ro‘yxatga “Markaziy Osiyoning oltin qumlari” (sobiq “Bosteri”), “Rohat-NBU” (sobiq “Raxat”), “Dilorom” (sobiq “Enesay”), shuningdek, qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” pansionatlari kiritilgan. Qirg‘iziston ushbu obyektlarga egalik huquqini O‘zbekistonga o‘tkazgach, O‘zbekiston obyektlarga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshirish uchun vakolatli tashkilotlarni belgilab oldi. “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatiga “Markaziy Osiyoning oltin qumlari” pansionati, Milliy Bangga “Rohat-NBU” uyi, “Asakabank”ga “Dilorom” pansionati, “O‘zsanoatqurilishbank”ga “Bo‘ston” pansionatiga nisbatan vakolat beriladi. Ayni damda pansionatlar rentabelsiz, xonalar yaroqsiz holga kelgan. O‘zbekiston tomoni har bir pansionatga 15-20 million sarmoya kiritishni rejalashtirgan. 

Sovetcha taqsimot

Sovet davrida Issiqko‘l (Qirgizistondagi mashhur ko‘l) juda ommabop dam olish maskani bo‘lgan. Bu mintaqa nafaqat sovet mamlakatlari aholisi uchun, balki O‘zbekistondagi ishlab chiqarish korxonalari va davlat idoralari uchun ham asosiy dam olish joylaridan biri hisoblangan. Sovet Ittifoqi davrida bu turdagi obyektlar shunday tizimda tashkil etilganki, turli respublikalar va davlat tashkilotlari o‘rtasida ushbu obyektlar taqsimlangan va boshqarilgan.

Issiqko‘l pansionatlari

Bu pansionatlar o‘zlarining turli xizmatlari, shifobaxsh havosi va tibbiy sog‘lomlashtirish jarayonlari bilan mashhur edi. Ular nafaqat oddiy dam olish uchun, balki sanatoriya yoki shifoxona maqsadida ham ishlatilgan, ayniqsa, Issiqko‘l suvining tuz va minerallarga boyligi sababli bu joylarda suv bilan davolash (balneoterapiya) xizmatlari juda ommalashgan edi. Hozirgi kunda Issiqko‘ldagi bu pansionatlarning ko‘pchiligi xususiylashtirilgan yoki qayta qurilgan, lekin ba’zilari hali ham avvalgidek faoliyat yuritadi.

Pansionatlar haqida

Quyida O‘zbekistonga qaytarilayotgan pansionatlar haqidagi ma'lumotlarni keltiramiz.

“Markaziy Osiyoning oltin qumlari” (sobiq “Bosteri”) pansioanti

Фото из Интернета. Пансионат занимает площадь в 28,35 гектара

Adliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, pansionat “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksiyadorlik jamiyatining filiali hisoblanadi. Boshqa ma'lumotga ko‘ra, u “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga topshirilgan. Pansionat balansida 28,35 gektar yer maydoni bor. Majmua 68 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 39 ta kottej va 4 ta korpusdan iborat.

“Dilorom” (sobiq “Enesay”) pansionati

Pansionat 1985 yilda Kara-Oy qishlog‘ida qurilgan. Ayni vaqtda uning egasi “Asaka Bank” tijorat banki hisoblanadi. Pansionatning yer maydoni 21,77 gektardan iborat. Majmua 75 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 45 ta kottej, 4 ta korpus, suv havzasi, oshxona, tibbiy punkt, garaj, suv bosimi minorasidan iborat.

“Rohat-NBU” (sobiq “Raxat”) pansionati

Pansionat muassisi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki hisoblanadi. Pansionat Kara-Oy qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, 19,05 gektar yerdan iborat va mahalliy qishloq mahkamasidan 2,7 gektar plyaj-bog‘ maydonini ijaraga oladi. Pansionatda 49 ta inshoot, jumladan, 7 ta kottej bor. 9 ta obekt kafe sifatida qo‘llanadi, 3 ta ma'muriy korpus mavjud. Qolgan 30 ta inshoot xizmat maqsadlari uchun omborlar va ofislar sifatida jihozlangan.  

“Bo‘ston” pansionati

Pansionatga O‘zbekiston sanoat-qurilish banki egalik qiladi. U Issiq-ko‘l viloyatining Ton tumanida joylashgan. 10,65 gektar maydonni egallaydi. Pansionatda 23 ta qurib bitkazilmagan obekt mavjud

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu bitim 2024-yilning 18-iyul kuni Toshkent shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi esa ushbu kelishuvni 23-sentyabrda tasdiqlagan.

Теги :
Iqtisodiyot