$
 12675.00
4.95
 13616.75
56.0
 138.36
0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo yana pandemiya xavfi ostidami?

pandemic

2024-yil qizamiq nomli toshma kasalligining xavotiri bilan boshlandi. Undan keyin esa olimlar tomonidan asrlardan beri yashab kelayotgan zombi virusi aniqlandi. Yaqinda esa parranda grippi odamlar orasida tarqalishi haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Shuningdek, kuni kecha JSST gepatit virusining qurbonlari ortib borayotganidan tashvishlanayotganini bildirdi.

30 barobarga oshgan qizamiq

Yanvar oyida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ushbu qitʼadagi davlatlarni zudlik bilan qizamiqqa qarshi emlash harakatlarini boshlashga chaqirgan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, mintaqada oʻtgan yil davomida ushbu kasallikni yuqtirish holatlari 2022-yilga nisbatan 30 barobar koʻp qayd etilgan. 2023-yilning yanvar–oktyabr oylarida bu kasallikka chalingan bemorlar soni 30 mingdan oshdi. 2022-yilda bu koʻrsatkich atigi 941 nafarni tashkil etgandi. Ekspertlar buni pandemiya davrida qizamiqqa qarshi vaksinatsiya qamrovi keskin pasaygani bilan izohlangan.

JSST prognoziga koʻra, yil boshida qizamiq bilan kasallanish holatlari yana koʻpaygan va shoshilinch choralar koʻrilmasa, bu tendensiya davom etishi ehtimoli yuqoriligi taʼkidlangan. Xususan, Buyuk Britaniya xastalik koʻpayishi ortidan mamlakatda milliy favqulodda holat rejimini joriy etishga majbur boʻlgan.

Zombi virusi: 48 500 yillik virus jonlantirilgan

Shu bilan birga yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda insoniyat yangi pandemiya xavfiga duch kelishi mumkinligi, Sibirning abadiy muzligida zombi virusi topilgani, global isish sabab muzliklar erib, yangidan-yangi viruslar tabiatga tarqalayotgani muhokama qilingan edi. Unga koʻra, Sibirning abadiy muzligidan 5 ta zombi virusini topib, ularni laboratoriya sharoitida yoshi 48 500 yil boʻlgan zombi virusini jonlantirishgani aytilgan edi. Eng qadimgi namuna 16 metr chuqurlikdagi yer osti koʻlida topilgan. Sanepidqoʻmita ushbu virus odamlar hayoti uchun oʻta xavfli, chunki inson tanasi bunday qadimiy viruslar bilan kurashishga moslashmaganligini aytgan edi.

Olimlar maʼlum boʻlgan viruslarning beshta yangi oilasini aniqlagan. Ular bir nechta virus shtammlarini jonlantirishdi hamda ularni patogenlik xavfini mavjudligini aniqlashga erishishgan.

Maʼlum boʻlishicha, tadqiqotchilar “zombi viruslar” deb ataydigan bunday patogenlar jamoat salomatligiga xavf solishi mumkin. Inson immuniteti turli xil viruslar bilan aloqasi natijasida ularga qarshi turgʻun immunitet hosil qilgan. Biroq, insoniyat ilgari duch kelmagan qadimiy shtammlar bilan immunitet bardosh bera olmasligi mumkin.

Soʻnggi yillarda olimlar qadimgi viruslar va bakteriyalar bilan bogʻliq tahdid haqida koʻproq gapirishyapti. Oʻn minglab yillar davomida ular abadiy muzliklarda saqlangan. Biroq, hozirda abadiy muzliklar erishi oqibatida tabiatga tarqalish ehtimoli yuzaga kelgan.

Zombi virusi odamda aniqlandi

Yaqinda esa zombi virusi aniqlangan ilk odam haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Unga koʻra, AQSH shifokorlari kiyiklarni zombilarga oʻxshatib qoʻyadigan surunkali virus (CWD) kasalligiga chalingan odamlarni aniqladi. Ovchilar bu virus bilan kasallangan boʻlishi mumkin boʻlgan kiyik goʻshtini isteʼmol qilishgan.

Shundan soʻng bir necha amerikalik kasalxonaga yotqizilgan, ammo ularni qutqarib boʻlmadi. “Zombi virusi” ning davosi yoʻq va uning tarqalishini nazorat qilish qiyin. Ilgari u boshqa mamlakatlarda, shu jumladan Rossiya bilan chegaradosh mamlakatlarda ham topilgan.

Oʻlim xavfi yuqori boʻlgan parranda grippi

Bir necha kun oldin JSST parranda grippi virusining sutemizuvchilar, jumladan, odamlar orasida tarqalishi jiddiy muammo tugʻdirishini taʼkidlab chiqdi. Shuningdek, H5N1 deb nomlanuvchi parranda grippi virusining oʻlim darajasi juda yuqori ekani ham xavotirli. Buni shu kungacha infeksiyani yuqtirgan bir necha yuz kishining kasallik tarixi tasdiqlaydi. Shu bilan birga, hozircha H5N1 virusining odamdan odamga yuqishi holatlari qayd etilmagan.

Juda tashvishli tomoni shundaki, bu virus oʻrdak va tovuqlarga, endi esa sutemizuvchilarga yuqish orqali rivojlanib, odamlarga yuqish qobiliyatiga ega boʻlmoqda. Keyin esa u odamdan odamga yuqishi mumkin. Olimlar tomonidan bunday mutatsiya insoniyatga jiddiy xavf solishi aytilmoqda.

Odamda aniqlangan parranda grippi

Joriy yilning aprel oyida fermada sigirlar bilan ishlagan Texas fuqarosiga parranda grippi virusi tashxisi qoʻyilgan edi. Bu inson H5N1 virusini kasallangan qoramollar bilan aloqaga kirishish oqibatida yuqtirib olgan birinchi holat hisoblanadi.

JSST hali infeksiyaning tarqalishiga nima yordam berayotganini bilmaydi. Ularning taxminlariga koʻra, bunga sigir sogʻish mashinalari yoki ular yashaydigan muhit sabab. Virus esa butun mamlakat boʻylab transport tizimi orqali tarqalmoqda

JSST bosh olimi Jeremi Farrar virusga qarshi vaksinani ishlab chiqish hali “zarur boʻlgan” bosqichda emasligi haqida ogohlantirdi hamda butun dunyo boʻylab mintaqaviy va mamlakat sogʻliqni saqlash idoralari H5N1 tashxisini qoʻyish imkoniyatiga ega emasligini taʼkidladi.

Kuniga 3,5 ming odamni umriga zomin boʻlayotgan gepatit

Shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2024-yilgi Gepatit boʻyicha global hisobotiga koʻra, ushbu kasallik qurbonlari soni doimiy ravishda oʻsib bormoqda. Gepatit yuqumli kasalliklar orasida oʻlim holatlari soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi va yiliga 1,3 million inson shu xastalikdan koʻz yumadi, bu koʻrsatkich sil kasalligidan oʻlim holatlari bilan bir xil.

Butunjahon gepatit sammitida taqdim etilgan ushbu hisobotda diagnostika va davolashning yaxshilanishi, tibbiy mahsulotlarning arzonlashganiga qaramay, kasallikni test qilish va davolash qamrovi ortmayotgani taʼkidlangan. Ammo, agar hozirdan tezkor choralar koʻrilsa, JSSTning 2030-yilgacha gepatitni yoʻq qilish maqsadiga erishish mumkin boʻladi.

187 mamlakatdan olingan yangi maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, virusli gepatitdan oʻlimning taxminiy soni 2019 yildagi 1,1 milliondan 2022-yilda 1,3 millionga koʻpaygan, ularning 83 foiziga gepatit B va 17 foiziga gepatit S sabab boʻlgan. Dunyo boʻylab har kuni B va C gepatitlaridan 3500 nafar kishi vafot etadi.

Kasallik tarqalishining yangi hisob-kitoblari 2019-yilga nisbatan uning biroz pasayganligini koʻrsatmoqda, ammo virusli gepatitning umumiy tarqalishi yuqoriligicha qolmoqda. 2019-yilda 2,5 million, 2022-yilda 2,2 million yangi zararlanish holatlari qayd etilgan. Jumladan, 1,2 million gepatit B bilan va deyarli 1 million gepatit C bilan yangi zararlanish holatlari aniqlangan. Har kuni 6 ming nafardan ortiq inson virusli gepatit bilan kasallanadi.