$
 12778.12
78.98
 14931.23
83.4
 164.01
1.85
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Yilning birinchi yarmida ajratilgan ipoteka kreditlarining uchdan bir qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keladi

Ipoteka

2025-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi ham, ipoteka krediti mijozlari soni ham sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida aytilgan.

Yanvar—iyun oylarida tijorat banklari tomonidan aholiga 9,44 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi — bu 2024-yilning shu davridagi ko‘rsatkich (6,88 trillion so‘m)ga nisbatan 37,1 foizga ko‘p. Ipoteka kreditlari bo‘yicha qoldiq hajmi esa 72,8 trillion so‘mga yetdi — ushbu ko‘rsatkich olti oyda 5,1 trillion so‘mga oshgan.

Kredit oluvchilar soni 20,6 foizga — 26 201 nafardan 31 589 nafargacha ko‘paydi. O‘rtacha ipoteka krediti hajmi 13,7 foizga oshib, 298,6 million so‘mga yetdi.

Kim eng ko‘p ipoteka ajratyapti?

Ipoteka kreditlarining katta qismini Iqtisodiyot va moliya vazirligi moliyalashtirdi — 6,38 trillion so‘m, bu o‘tgan yilga nisbatan 74 foizga ko‘p. Natijada umumiy kredit hajmidagi davlat ulushi 53,3 foizdan 67,7 foizgacha oshdi.

Ayni paytda banklar ulushi kamaydi: ular tomonidan berilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,77 foizga qisqarib, 2,22 trillion so‘mni tashkil etdi, bozordagi ulushi esa 34,3 foizdan 23,8 foizgacha tushdi. Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi esa ajratilgan mablag‘ hajmini 6,2 foizga kamaytirdi — 800 milliard so‘mdan kamroq.

Davlat dasturi doirasida ipoteka foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoldi — 17,5 foiz, biroq banklar o‘z kreditlari bo‘yicha stavkalarni 25,1 foizdan 23,5 foizgacha pasaytirdi.

Boshqa tafsilotlar

Eng ko‘p ipoteka kreditlari Toshkentda ajratildi — 2,95 trillion so‘m (+43,8 foiz). Natijada barcha ajratilgan ipoteka kreditlarining deyarli uchdan bir qismi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ikkinchi o‘rinda — 747,2 milliard so‘m (+60,9 foiz) bilan Andijon viloyati. Shuningdek, yetakchi beshlikdan quyidagi hududlar joy oldi:

Samarqand viloyati — 713,5 milliard so‘m (+17,2 foiz),

Farg‘ona viloyati — 710,2 milliard so‘m (+24,64 foiz),

Xorazm viloyati — 576,7 milliard so‘m (+59,97 foiz).

Ipoteka kreditlari jami hajmining 75 foizi yangi uy-joy sotib olish uchun ajratilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga ko‘p. Moliyalashtirish hajmi 4,2 trillion so‘mdan 7,08 trillion so‘mga oshdi (+68,5%).

Ikkilamchi uy-joy uchun ipoteka olish hajmi esa 12,2 foizga — 2,69 trillion so‘mdan 2,36 trillion so‘mgacha kamaydi.

Ipoteka olganlarning 61 foizini (19 360 nafar) erkaklar tashkil etdi. Yosh bo‘yicha taqsimot quyidagicha:

66 foiz kreditlarni 31−50 yoshdagi fuqarolar,

25 foiz — 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar,

9 foiz — 50 yoshdan katta shaxslar olgan.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot