$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Parranda grippi odamlar orasida taqralishi mumkin”: JSST xavotirda

parranda grippi

JSST parranda grippi virusining sutemizuvchilar, jumladan, odamlar orasida tarqalishi jiddiy muammo tug‘dirishini ta’kidladi. Infeksiya odamdan odamga yuqmaydi, lekin uni yuqtirgan odamlar orasida o‘lim darajasi yuqori bo’ladi.

Insonlar orasida tarqalishi jiddiy muammo

Parranda grippi virusining sutemizuvchilar, shuningdek, odamlar orasida tarqalishi jamoat sog‘lig‘ini saqlashda jiddiy muammo keltirib chiqaradi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakillari ma’lum qildi, deya xabar berdi BMT sayti.

Odamlarga yuqish ehtimoli bor

JSST H5N1 deb nomlanuvchi parranda grippi virusining o‘lim darajasi juda yuqori ekanini ta’kidladi. Buni shu kungacha infeksiyani yuqtirgan bir necha yuz kishining kasallik tarixi tasdiqlaydi. Shu bilan birga, H5N1 virusining odamdan odamga yuqishi holatlari qayd etilmagan.

“H5N1 gripp infeksiyasi bo‘lib, avval parrandalar va o‘rdaklar orasida paydo bo‘lgan. So‘nggi ikki yil ichida u faol tarzda tarqaldi va global zoonoz pandemiyaga aylandi”, — dedi JSST bosh olimi Jeremi Farrar Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda. “Juda tashvishli tomoni shundaki, bu virus o‘rdak va tovuqlarga, endi esa sutemizuvchilarga yuqish orqali rivojlanib, odamlarga yuqish qobiliyatiga ega bo‘lmoqda. Keyin esa u odamdan odamga yuqishi mumkin, bu juda xavfli”.

Millionlab parrandalar nobud bo’ldi

2020-yilda boshlangan H5N1 epidemiyasi o‘n millionlab parrandalarning nobud bo‘lishiga olib keldi. O‘tgan oyda sigir va echkilar H5N1 bilan kasallangan turlar ro‘yxatiga kiritildi. Ilgari ular ushbu turdagi grippga moyil boʻlmagan.

Texasda bir odamga parranda grippi tashxisi qo‘yildi

Joriy yilning aprel oyida fermada sigirlar bilan ishlagan Texas fuqarosiga parranda grippi virusi tashxisi qo‘yilgan edi. Bu inson H5N1 virusini kasallangan qoramollar bilan aloqaga kirishish oqibatida yuqtirib olgan birinchi holat hisoblanadi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, oltita shtatdagi 16 ta chorva mollari yovvoyi qushlar bilan kontaktdan keyin virusni yuqtirib olgan.

Virusga qarshi vaksina hali kashf etilmadi

JSST hali infeksiyaning tarqalishiga nima yordam berayotganini bilmaydi. “Balki sigir sog‘ish mashinalari aybdordir. Yoki ular yashaydigan muhit. Yoki virus butun mamlakat bo‘ylab transport tizimi tufayli tarqalmoqda”, — dedi Farrar.

U virusga qarshi vaksinani ishlab chiqish hali “zarur bo‘lgan” bosqichda emasligi haqida ogohlantirdi hamda butun dunyo bo‘ylab mintaqaviy va mamlakat sog‘liqni saqlash idoralari H5N1 tashxisini qo‘yish imkoniyatiga ega emasligini ta’kidladi.

889 ta kasallik va 463 ta o‘lim holati

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2003-yildan 2024-yilgacha dunyo bo’ylab 23 ta mamlakatda H5N1 ortidan kelib chiqqan 889 ta kasallik va 463 ta o‘lim holati qayd etilgan, bunda o‘lim darajasi 52 % ni tashkil qilgan.

Parranda grippi O’zbekistonga yaqinlashmoqda

2020-yilda O’zbekistonga qo’shni bo’lmish Qozog’istoning shimolida tarqalgan parranda grippi janubga ham yetib borgan. Pavlodar viloyatida shaxsiy yordamchi xoʻjalikda 2 753 ta parranda, Shimoliy Qozogʻiston viloyatida shaxsiy yordamchi xoʻjalikda 13 806 ta va parrandachilik fermalarida 93 849 ta parranda nobud boʻlgan. Umumiy hisobda soʻnggi sutkada 40 678 ta parranda oʻlgan.

Oʻzbekiston bilan chegaradosh Jambil viloyatida esa 238 ta parranda nobud boʻlgan boʻlib, shundan 6 oʻlim soʻnggi sutkada qayd etilgan. Shuningdek, Turkiston viloyatida yordamchi xoʻjaliklardagi 273 ta parranda oʻlgan. Ularning 196 tasi bir sutkada halok boʻlgan.