$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Oziq-ovqat mahsulotlarining sanitariya, veterinariya va fitosanitariya qoidalariga muvofiq ishlab chiqarilishi ta’minlanadi

oziq-ovqat xavfsizligi

Senat majlisida Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi va mamlakat bo‘yicha yod tanqisligi hamda osh tuzi bilan bog‘liq muammolar o‘rganib chiqildi. Holat bo‘yicha yig‘ilishda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.  

Senatda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun bilan iste’molchilar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga bir qator vakolatlar berilmoqda.

Dunyoda har yili 600 millionga yaqin inson ovqatdan zaharlanadi

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili xavfli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 600 millionga yaqin inson jabrlanadi. 420 ming kishi mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish natijasida vafot etadi. Ularning 125 ming nafarini 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etadi. Oziq-ovqat xavfsizligi ishlab chiqarishdan tortib, yig‘ib olish, qayta ishlash, saqlash, tarqatish, tayyorlash hamda iste’mol qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda muhim rol o‘ynaydi. Ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichida oziq-ovqat mahsulotlarining ifloslanishi yoki zararlanishi xavfi mavjud bo‘lib, ularning xavfsizligi uchun har bir ishtirokchi – tadbirkor javobgar.

 Ozbekistonda ovqatdan zaharlanish holatlari

2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 18 ta ovqatdan zaharlanish holati qayd etilib, 143 nafar fuqaro jabrlangan. Biroq, yilning qolgan davri bo‘yicha rasmiy ma'lumotlar hozircha e'lon qilinmagan. Shu sababli, 2024-yilda O‘zbekistonda oziq-ovqatdan zaharlanganlar soni haqida to‘liq statistika mavjud emas.

Shu kabi, O‘zbekistonda 2023-yilning 5 oyi davomida ovqatdan zaharlanish oqibatida 2 nafar bemor vafot etgan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2023-yilning o‘tgan davriga 21 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilib, 107 nafar fuqaro jabrlangan (ularning 22 nafari bolalar), 2 nafar bemor vafot etgan (uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotini isteʼmol qilgan).

Jami qayd etilgan zaharlanishlardan 15 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibatida botulizm kasalligi qayd etilib, 52 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 8 nafarini bolalar tashkil etadi. 6 ta holatda “ovqat toksikinfeksiyasi” qayd etilgan bo‘lib, 55 nafar fuqaro jabrlangan bo‘lsa, shulardan 11 nafarini bolalar tashkil etgan.

Yod tanqisligi masalalari

Mamlakatda shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi taqdim etilgan edi

Qonun loyihasi aholining endemik buqoq va yod yetishmasligi bilan bog‘liq boshqa kasalliklardan himoya qilish, bolalar, o‘smirlar va reproduktiv yoshdagi ayollarda yod tanqisligi oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan. Ushbu hujjat yod yetishmasligi profilaktikasini to‘liq amalga oshirish uchun osh tuzini yodlash qoidalarini takomillashtirish va sifatli yodlangan mahsulotlar bilan ta’minlashni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb aslida yodlanmagan tuz solinmoqda

Shu maqsadda 23-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva va Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalari o‘zaro hamkorlikda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilishi holatini atroflicha o‘rganib chiqishdi.   

Majlisda qayd etilishicha, o‘tgan yilning to‘qqiz oyida, osh tuzi bo‘yicha o‘tkazilgan 263 namunadan 65 tasida yoki chorak qismida, savdo va umumiy ovqatlanish joylari hamda maktab va bog‘chalardan olingan namunalarning esa o‘rta hisobda har uchtadan bittasida – yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan. Qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgan holatlar ham bor.

“Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida” qonun

Shu sabablar inobatga olinib, bugun Senatda “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Yangi qonun 5 ta bob, 25 ta moddadan iborat bo‘lib, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.   

Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.  

Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.  

Oziq-ovqat eksport va importi o‘rtasidagi muvozanat

Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mas’ul organ

2024-yil 16-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-36-sonli farmoniga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilangan edi. 

Bundan avval, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi bir nechta tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan.

Bular:

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi;

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (“O‘zstandart”).

Bu organlar oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlashda turli vazifalarni bajarib kelgan.

Qabul qilingan yangi qonun bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi yana oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilandi.  

Unga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda.  

Shuningdek, qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan ko‘riladigan choralar, oziq-ovqat balansini shakllantirish, iste’molchilarning va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.  

Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini tekshirish qanchalik ahamiyatga ega?

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini tekshirish aholining salomatligi va farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu jarayon oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini nazorat qilish, iste’molchilarni himoya qilish va sog‘lom ovqatlanishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini mustahkamlashga yordam beradi.  

Теги :
Jamiyat
Salomatlik