$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining oylik maosh borasida “dardi bir”

Maosh

2024-yilning sentyabr oyi holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda o‘rtacha ish haqi dollar ekvivalentida 817,2 dollarni tashkil etgan va bu orqali respublika Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchiga aylandi. Ushbu ma’lumotni “Ranking.kz” nashri MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi tahlilchilariga tayangan holda ma’lum qildi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘rtacha ish haqi qancha?

Mutaxassislarning fikricha, Qozog‘istonda ish haqi O‘zbekiston va Qirg‘izistonnikidan qariyb ikki barobar ko‘p. Bu natija O‘zbekistonda 437,8 ni, Qirg‘izistonda esa 411,2 dollarni tashkil qilgan. Tojikiston bu borada butunlay ortda qolgan — 242,8 dollar. Mutaxassislar har doimgidek Turkmaniston haqidagi ma’lumotlarni aniqlay olishmagan. Agarda o‘tgan yili Tojikiston rasmiylari tomonidan amalga oshirilgan indeksatsiya siyosati bo‘lmaganida, yetakchi va ta’qibchilar o‘rtasidagi tafovut bundan ham kattaroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan. Bu o‘zgarish orqali mamlakatda nominal ish haqi qariyb 25 foizga, real ish haqi esa 21,1 foizga oshgan. 

Eng kam ish haqi bo‘yicha reyting

Eng kam ish haqi bo‘yicha ham Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida yetakchilik qilmoqda. Qozog‘istonda eng kam ish haqi 85 ming tengeni, ya’ni 181,1 dollarni tashkil qilgan. Bu borada reyting quyidagicha:

O‘zbekiston – 89,4 dollar;

Tojikiston - 54,9 dollar;

Qirg‘iziston - 28,3 dollar.

Qiziqarlisi, tahlilchilar bu borada Turkmaniston bo‘yicha ham ma’lumotlarni topishgan va kutilganidek bu raqamlar juda hayratlanarli. Mamlakatdagi eng kam ish haqi 74,2 dollar.

Qaysi sohadagilar eng ko‘p maosh oladi?

Tahlilchilar qaysi sohadagilar eng ko‘p maosh olishini ham tahlil qilishgan. Qozog‘istonda moliya, sug‘urta va tog‘-kon sanoati vakillari bu borada yetakchilar qatoridan joy olgan. Ular o‘rtacha 1,7 ming dollar ish haqi olishadi. Tojikiston fuqarolari orasida esa moliya va ishlab chiqarish korxonalarida ishlash yaxshi daromad topish uchun yetarli hisoblanadi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda IT-mutaxassislari va moliya vakillarining maoshi ming dollar atrofida baholanmoqda. Mintaqaning deyarli barcha mamlakatlarida past ish haqi bilan bog‘liq faoliyat turlarida o‘xshashlik mavjud. Bular: ta’lim, sog‘liqni saqlash, agrobiznes va davlat xizmatlaridagi ma’lum sohalar.

Ekspertlar o‘tgan yilning yanvaridan oktyabrigacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyoda iste’mol narxlarining o‘sish darajasini ham hisoblab chiqishgan. Unga ko‘ra, Inflyatsiyaning eng yuqori dinamikasi O‘zbekistonda kuzatilgan — 7,7 foiz. Undan keyingi o‘rinda 6,6 foiz ko‘rsatkich bilan Qozog‘iston, 4,2 foiz Qirg‘iziston va 3,2 foiz Tojikiston bormoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot