$
 12692.42
100.85
 14511.24
-34.54
 158.44
4.62
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda 1 porsiya oshning narxi qancha?

Osh

Statistika agentligi hududlardagi 1 porsiya palovning mart oyidagi o‘rtacha narxlarini e’lon qildi. 2020 yildan buyon O‘zbekistonda eng ommaviy taom — "Palov indeksi" ma’lumotlari shakllantirilib kelinadi. 

"Palov indeksi" shakllantirish jarayoni

"Palov indeksi"ni shakllantirish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘ladi. Qo‘mita tomonidan O‘zbekistonning barcha hududiy markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish muassasalari (jumladan, "Osh markazlari")dagi 1 kg palov uchun sarflanadigan masalliqlar ro‘yxati, shuningdek, ularning narxlari (qiymati) to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilib boriladi. 

O‘rtacha masalliqlar ro‘yxati

Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori o‘rganib chiqilib, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha masalliqlar ro‘yxatini shakllantiriladi. Unga ko‘ra:

O‘simlik yog‘i (300 gr.);

Piyoz (300 gr.);

Mol go‘shti (700 gr.);

Sabzi (1 kg.);

Guruch (1 kg.);

No‘xat (100 gr.);

Mayiz (50 gr.);

Ziravorlar (10 gr.);

Osh tuzi (5−10 gr.).

Hududlar kesimidagi narx qancha?

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Statistika agentligi hududlardagi 1 porsiya palovning mart oyidagi o‘rtacha narxlarini e‘lon qildi. Unga ko‘ra, eng qimmat osh Toshkent shahrida bo‘lib, uning narxi 30 200 so‘mni tashkil qilgan. Eng arzon oshni esa Namangan viloyatidan 19 900 so‘mga xarid qilish mumkin. 2024-yil mart oyi viloyatlarda palovning o‘rtacha narxi quyidagicha shakllangan:

Qoraqalpog‘iston R. — 24 300 so‘m;

Andijon viloyati — 24 400 so‘m;

Buxoro viloyati — 28 600 so‘m;

Jizzax viloyati -25 600 so‘m;

Qashqadaryo viloyati — 27 700 so‘m;

Navoiy viloyati — 24 200 so‘m;

Namangan viloyati — 19 900 so‘m;

Samarqand viloyati — 27 000 so‘m;

Surxondaryo viloyati — 25 800 so‘m;

Sirdaryo viloyati — 23 000 so‘m;

Toshkent viloyati — 25 000 so‘m;

Farg‘ona viloyati — 21 600 so‘m;

Xorazm viloyati — 27 200 so‘m;

Toshkent shahri — 30 200 so‘m;

Ma’lumot uchun, Mazkur statistika shakllanishi jarayonida faqatgina tanlab olingan umumiy ovqatlanish muassasalari (Osh markazlari) dagi palovning o‘rtacha narxlari hisobga olingan bo‘lib, restoran va choyxonalardagi narxlar inobatga olinmagan.

Shaxsiy inflyatsiya darajasi

Qo‘mitaning qayd etishicha, jahon mamlakatlari orasida aniq yoki doimiy iste’moldagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi bilan o‘zlarining "shaxsiy inflyatsiya" darajalarini baholashgan. Mazkur baholash turlari har bir hududning individual sharoitlarini inobatga olgan holda shakllanib borgan. Shulardan dunyoda deyarli keng miqyosda tarqalgan usul — "Big-Mak indeksi" hisob-kitobidir. Unga ko‘ra, bir xil standartga (tarkibiy masalliqlari jihatidan) taalluqli "gamburger"ning turli mamlakatlardagi narxlari ro‘yxatga olinadi. Narxlarni ro‘yxatga olishning aniq davriyligiga asosan, aynan shu mamlakatlarda mazkur turdagi "taom"ning o‘rtacha narxlari qayta ro‘yxatga olinadi. Shakllangan ma’lumotlar asosida narxlar o‘zgarishi dinamikasi tahlil qilinadi. Bu turli davlatlar valyutalarining haqiqiy ayirboshlash kurslarini aniqlash maqsadida, iqtisodchilar tomonidan 1986-yildan e’tiboran bunday tadqiqotlar olib borilib, "The Economist" jurnalida e’lon qilinadi.