$
 12858.15
-58.95
 14505.28
44.59
 159.71
-0.43
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Oppenheimer yilni "portlatdi": Oskar—2024 natijalari

oscar oskar Academy awards

Kecha tunda Los-Anjelasda 2023-yilning eng yaxshi filmlarini taqdirlash uchun 96-Oskar marosimi boʻlib oʻtdi. Kutilganidek kechaning eng asosiy filmi Kristofer Nolanning “Oppenheimer” filmi boʻldi.

Eng koʻp nomzod ham “bombardir” da

Jami 30 dan ortiq badiiy va 10 tadan koʻp hujjatlar film ishtirok etgan ushbu marosimda eng koʻp nomzod ham aynan "Oppenheimer" filmida edi, film jami 13 ta yoʻnalishda nomzodlikka qoʻyildi. Undan keyingi oʻrinlarda "Baxtsiz kimsalar" — 11 ta, "Gulli oy qotillari" — 10 ta, "Barbi" va "Maestro" filmlari — 7 tadan nomzodlikka qoʻyilgan edi.

Eng yaxshi film 

Oskarning eng muhim yoʻnalishi boʻlgan eng yaxshi filmni barcha taxmin qilganidek "Oppenheimer" qoʻlga kiritdi. Jami 10 ta nomzodlar orasidan film yilning eng yaxshisi deb topildi, ushbu sovrinni kino tarixidagi eng yaxshi aktyorlardan biri Al Pachino topshirdi.

Eng yaxshi rejissyor

Shubhasiz yilning eng yaxshi filmining rejissyori — Kristofer Nolan ushbu yoʻnalishda gʻolib boʻldi. U sakkizinchi marta Oskarga nomzodi qoʻyilib va nihoyat ushbu sovrinni qoʻlga kiritdi.

Eng yaxshi aktyorlar

Eng yaxshi aktyor va ikkinchi darajali aktyor ham yana "Oppenheimer" filmidan. Eng yaxshi aktyor — Killian Myorfi boʻlsa, ikkinchi darajali aktyor Robert Douni Juniorga nasib qildi. Bu ikkisining gʻalaba qozonishida hech qanday shubha yoʻq edi, ammo aytib oʻtish kerakki Robert bu sovrinni Rayan Gosling, De Niro, Mark Ruffalo kabi tajribali va mashhur aktyorlar qoʻlidan "yulib oldi". Ikkala aktyor ham faoliyatidagi ilk Oskarni qoʻlga kiritganini ham esdan chiqarmaslik kerak.

Eng yaxshi aktrisalar 

Yilning eng koʻp bahsga sabab boʻlgan eng yaxshi bosh roldagi aktrisa nominatsiyani aktrisa Emma Stoun oʻzining "Baxtsiz kimsalar" filmidagi fenomenal roli uchun qoʻlga kiritdi, bu sovrinni Lili Gladston "Gulli oy qotillari" filmi uchun ham olishi mumkin edi, ammo ular Emmani tanlashdi va aktrisa faoliyati davomidagi ikkinchi haykalchani qoʻlga kiritdi. Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisani esa "Qolganlar" filmi uchun aktrisa Devyn Jon Rendalf qoʻlga kiritdi.

Kim nechta bilan "uyiga ketdi"?

Eng koʻp gʻoliblik albatta "Oppenheimer" da, jami 7 yoʻnalishda gʻalabani qoʻlga kiritdi. Keyingi oʻrinda esa "Baxtsiz kimsalar" filmi - 4 ta Oskar. Undan tashqari "Qiziqish hududi" filmi ham 2 ta haykalchani qoʻlga kiritdi. Yana bir eslab oʻtilishi kerak boʻlgan jihat, "Gulli oy qotillari" 10 ta, "Maestro" esa 7 ta nomzodlik bilan birorta ham haykalchani qoʻlga kirita olmadi.

Oskarning barcha gʻoliblari:

• Eng yaxshi ikkinchi darajali aktrisa: Davan Joy Randolf - "Qolganlar

• Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film:  “Urush tugadi! Jon va Yoko musiqasidan ilhomlangan"

• Eng yaxshi badiiy animatsion film: "Bola va qush" — Xayao Miyazaki

• Eng yaxshi original ssenariy:  Justine Trieu va Artur Arari - "Kuz anatomiyasi"

• Eng yaxshi moslashtirilgan ssenariy: Kord Jefferson - "Amerika asari"

• Eng yaxshi grim va soch turmagi: "Baxtsiz kimsalar "

• Eng yaxshi kostyum dizayni: Baxtsiz kimsalar (Xolli Uoddington)

• Chet tilidagi eng yaxshi film: Qiziqish hududi(Buyuk Britaniya), rej. Jonatan Gleyzer

• Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktyor: Robert Dauni Jr. - "Oppenheimer"

• Eng yaxshi vizual effektlar qatnashgan film: "Godzilla: Minus Bir"

• Eng yaxshi tahririy ish yoxud montaj:  "Oppenheimer" - Jennifer Leym

• Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film:  “So‘nggi ta’mirlash ustaxonasi”

• Eng yaxshi toʻliq metrajli hujjatli film:  “Mariupolda 20 kun”

• Eng yaxshi operatorlik ishi:  Xoyte Van Xoytema “Oppenheimer”

• Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film:  "Genri Shugarning ajoyib hikoyasi"

• Eng yaxshi ovoz montaji qo'lanilgan film: "Qiziqish hududi"

• Eng yaxshi original soundtrek:  Lyudvig Goransson - "Oppenheimer"

• Film uchun eng yaxshi qo'shiq:  Billi Eilish - Men nima uchun yaratilganman? - "Barbie"

• Eng yaxshi aktyor:  Killian Myorfi - ("Oppenheimer")

• Eng yaxshi rejissyor: Kristofer Nolan ("Oppenheimer")

Eng yaxshi aktrisa:Emma Stoun ("Baxtsiz kimsalar")

Eng yaxshi film: Oppenheimer