$
 12013.40
-36.04
 13831.03
-193.31
 163.87
-0.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Yozgi oromgohlar — 2026: O‘zbekiston bo‘ylab narxlar va sharoitlar qanday?

oromgoh

Maktab qo‘ng‘irog‘ining so‘nggi jarangi yangrashi bilan minglab bolalar uchun eng kutilgan fasl boshlanadi. Uch oy davom etadigan yoz nafaqat dam olish, balki yangi do‘stlar orttirish, qiziqarli sarguzashtlarni boshdan kechirish va unutilmas xotiralar yig‘ish davridir. Ota-onalarni esa an'anaviy savol o‘ylantiradi: bolaning bo‘sh vaqtini qanday qilib mazmunli va xavfsiz tashkil etish mumkin? Maqolamizda ana shu savollarga javob izlaymiz.

Aynan shu sababli yozgi oromgohlar yildan yilga bolalar va ota-onalarning e’tibor markaziga aylanmoqda. Bir qarashda oromgoh oddiy dam olish maskanidek tuyulishi mumkin. Ammo uning ortida bolalarning mustaqillikni o‘rganishi, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishi, yangi qobiliyatlarini kashf etishi va raqamli olamdan biroz uzoqlashib, real hayot zavqini his qilishi kabi muhim jarayonlar yashiringan. Gulxan atrofidagi suhbatlar, sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar va yangi do‘stliklar yozgi oromgohlarning eng ajoyib xotiralariga aylanadi.

Xo‘sh, O‘zbekistondagi yozgi oromgohlar bolalarga qanday imkoniyatlar yaratmoqda va ular nega har yili minglab oilalarning tanloviga aylanmoqda? Quyida turli hududlardagi oromgohlar narxlari va sharoitlari bilan tanishishingiz mumkin.

Toshkent va vodiy viloyatlari: Tabiat qo‘ynida hordiq va sport

Toshkent viloyati: Bo‘stonliq tumanida tabiat qo‘ynidagi Yusufxona qishlog‘ida joylashgan “Chotqol” bolalar oromgohi har yili minglab bolalarning yorqin xotiralari sababchisiga aylanadi. Dengiz sathidan 1230 metr balandlikda, sof havo va go‘zal manzaralar bag‘rida joylashgan oromgoh 1986-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Har yoz mavsumida oromgoh 2000 nafardan ortiq bolani qabul qilib, ularga sog‘lom va foydali hordiq berish imkonini yaratadi. Bolalarning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishlari uchun aktyorlik, xoreografiya, musiqa, qo‘l mehnati va robototexnika kabi to‘garaklar tashkil qilingan. Shuningdek, sport ixlosmandlari va til bilimdonlariga mo‘ljallangan mashg‘ulotlar ham mavjud. Yo‘llanma narxi – 1 600 000 so‘m.

Andijon viloyati: Andijon tumanida joylashgan “Bog‘ishamol” qir-adirlar va soylar orasida joylashgan. Bolalar bo‘sh vaqtlarida chavandozlar maktabida tashkillashtirilgan mashg‘ulotlarga qatnashadi. Sport ixlosmandlari uchun maxsus futbol, basketbol, voleybol, stol tennis, shaxmat va shashka bilan shug‘ullanishlari mumkin. Oromgohda ko‘ngilochar dasturlar, sport va san’at sohasidagi mashhur insonlar ishtirokidagi tadbirlar tashkillashtiriladi. Yo‘llanma narxi – 1 200 000 so‘m.

Namangan viloyati: Kosonsoy tumanida joylashgan “Sohil” oromgohida bolalarning vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun interaktiv to‘garaklar va ekskursiyalar tashkil etilgan. Yo‘llanma narxi – 1 200 000 so‘m.

Farg‘ona viloyati: “Oltiariq” – tog‘lar etagidagi toza hududda joylashgan oromgoh bo‘lib, ko‘p asrlik chinorlarga boy bo‘lgan 2,5 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda mahorat darslari, ijodiy va sport to‘garaklari tashkil qilingan. Hududda piyoda yurish uchun ekotroplar yotqizilgan. Yo‘llanma narxi – 1 050 000 so‘m.

Markaziy va janubiy hududlar: Ekologiya, kitobxonlik va qutqaruvchilar maktabi

Jizzax viloyati: O‘zining yashil tog‘lari va adirlari, fusunkor tabiati hamda xushhavosi bilan ko‘pchilikni maftun qilgan Zomin tumanidagi “Zomin” oromgohi har yili ko‘plab bolalarning quvonchi va yorqin xotiralari sababchisiga aylanadi. Bu oromgohning o‘ziga xos jihatlaridan biri – kitobsevarlarga mo‘ljallangan minglab adabiyotlar mavjud bo‘lgan kutubxona. Bundan tashqari, bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi va interaktiv to‘garaklar tashkillashtirilgan. Yo‘llanma narxi – 1 400 000 so‘m.

Qashqadaryo viloyati: “Yosh alangachi” oromgohi Kitob tumanida joylashgan va manzarali daraxtlarga boy 5 gektar maydonni egallagan. Bolalarning rivojlanishiga qaratilgan “Yosh qutqaruvchi”, “Yosh yong‘in o‘chiruvchi”, futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka, quvnoq startlar kabi jamoaviy musobaqalar o‘tkaziladi. Yo‘llanma narxi – 1 200 000 so‘m.

Surxondaryo viloyati: Termiz shahridan 180 km uzoqlikda joylashgan “Janub gavhari” oromgohi ko‘p asrlik daraxtlar va o‘zidan nafas olish yo‘llari uchun toza kislorod ajratib chiqaruvchi archalarga boy 2,8 gektar maydonni egallagan. Bu maskanda bolalar uchun mahorat darslari, ijodiy va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Aktyorlik, musiqa, xoreografiya va qo‘l mehnati to‘garaklari tashkil qilingan.

Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Buxoro viloyatidagi yo‘nalishlar

Xorazm viloyati: “Urganch” bolalar oromgohi ekologik toza hududda joylashgan va ko‘p asrlik g‘ujum hamda teraklarni o‘z ichiga oluvchi 7 gektar maydonni egallagan. Piyoda yurish uchun hududda ekotroplar yotqizilgan. Yo‘llanma narxi – 1 150 000 so‘m.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi: 1986-yil Taxiatosh tumanida tashkil etilgan “Aydin jol” oromgohi bir smenada 125 ta bolani qabul qiladi. Bolalar uchun turli mahorat darslari, sport musobaqalari hamda intellektual va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi. Yo‘llanma narxi – 1 050 000 so‘m.

Buxoro viloyati: “Quyosh nuri” oromgohi qulayliklarni o‘z ichiga oladi va u yerda sport, ijod, IT, kitobxonlik va turli yo‘nalishlarda tematik tadbirlar tashkillashtiriladi. Bundan tashqari, oromgohda turli joylarga sayohat dasturlari ham bor. Yo‘llanma narxi ham qulay – 1 000 000 so‘m.

Теги :
Jamiyat