$
 12699.85
-18.23
 13694.25
-15.84
 139.02
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

“4 ta ovozga 1 kilo tandir go‘shti”

open budget

16-mart kuni “Open budget” bo‘yicha barcha loyihalarga ovoz berish start olgan edi. Har mavsumda an’anaga aylanib qolgan ko‘chalarda ovoz yig‘ish esa avjida. “1 kishi 1 ta ovoz” dasturidan keyin bu mavsumdagi ovozlar uchun stavkalar anchagina yuqori boshlandi. Ovoz berish yakunlanadigan sanaga yaqin qolganligi munosabati bilan ko‘chalardagi stavkalar ham oshib bormoqda.

Ovoz sotib olish

Ovoz berish boshlanganidan so‘ng ko‘chalarning gavjum joylarida ovoz sotib oladiganlar ham paydo bo‘ldi. Boshlanish narx 10 ming so‘m bilan start oldi. Hozirgi paytga kelib esa bitta ovoz narxi 25 ming so‘mga yetgan. Ba’zi bir joylarda esa bitta ovozni 30 minggacha sotib olayotganlarni ko‘rish mumkin. Bir ovoz 25 ming bo‘lgan paytda birdan 4 ta ovoz bera olgan odam uchun pul stavkasini 120 ming so‘mga ko‘targanlar ham yo‘q emas.


Yangi valyuta – ovoz

Oldingi mavsumlarda bir ovozga har xil gazli ichimliklar berilgan bo‘lsa, bu mavsumda ushbu ichimliklar ovoz bergan odamga puldan tashqari bonus sifatida berilyapti. “Bitta ovozga 1 litr yog‘” stavkasi esa o‘z kuchida qolgan. Ba’zi bir magazinlarga kirsangiz esa pul o'rniga bir nechta ovozlar bilan magazindan o‘zingizga kerakli bo‘lgan narsalarni xarid qilishingiz mumkin. Navro‘z ayyomida esa ko‘p hududlarda bitta ovozga taxminan narxi 40 ming turuvchi guldasta berganlar ham yo‘q emas.

Qiziqarli stavkalardan biri bu – oshxonalar. Bunda ham siz pul to‘lash o‘rniga to‘lovni ovoz orqali qilsangiz ham bo‘ladi. Bitta ovozga 1 porsiya osh, 2 ta shashlik shular jumlasidan.

Ijtimoiy tarmoqda kundamlikdagilar

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda onlayn ovoz sotib olayotganlar ham yo‘q emas. Telegram messenjeriga kirsangiz, deyarli har bir ommabop kanalda “Open budget” boti faoliyat yuritmoqda. Ulardagi ovoz narxi ham ko‘cha bilan bir xil, ya’ni 25-30 ming so‘m.

Shu bilan birga, internetda ovoz o'rniga boshqa narsalar barter qilayotganlar ham ko'p ko'zga tashlandi. Ularning orasida eng trendga chiqqani bu “4 ta ovozga 1 kilo tandir go‘shti” berilayotgani bo‘ldi. Ushbu stavka turi esa qashqadaryoliklarga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, “Open budget” bilan bog‘liq video internetda keng tarqaldi. Videoda esa bozor markazida 15 ta ovozga bitta qo‘zi berayotganini ko‘rishimiz mumkin.

O‘qituvchilar dars qolib, ovoz to‘playapti

“Open budget”ga loyiha taqdim etishda maktablar ham ishtirok etishi ta’kidlangan. Garchi maktablarning ta’mirlanishi va jihozlanishi davlat zimmasida bo'lsa ham ovoz to‘plab, yutib chiqsagina ta’mirlanib berilishi maktablardagi davomad hamda darslarning sifatiga qattiq ta’sir ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, loyihasi taqdim etilgan maktablarda o'qituvchilar dars berish o'rniga ko‘chalarda ovoz to‘plab yuribdi. Bu yetmasdan, maktab loyihasi tashabbuskori har bir o‘qituvchi va o‘quvchiga falonchadan ovoz to'plashini belgilan qo‘ygan. Ba’zi bir maktablarda 3-4 tadan bo‘lsa, yana boshqasida bu raqamlar 5 tadan 10 tagacha yetgan.

Shunday bosimlardan biri axiyri yuzaga chiqdi. “Yo ovoz to‘pla, yoki 90 ming ber” – Andijon viloyati Andijon tumanidagi 24-maktabning direktori o‘qituvchilarga ushbu talabni qo‘ygan. Maktab ayni paytda tumanda ovozlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishining sababi ham shunda. Ushbu holatdan o‘qituvchilar o‘z noroziligini yuzaga chiqarishdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yillarda ham ushbu maktab “Open budjet” uchun ovoz yiqqan. Lekin bu yildan maktab direktori Sarvar Nasriddinov tomonidan kuchli bosim tushgan. Unga ko‘ra, har bir o‘qituvchidan 3 ta hali sim-karta ochilmagan pasportni topib, sim-karta sotib olib, ovoz berishni yoki pul yig‘ib berishi talab qilinmoqda. Shuningdek, sinf rahbarligi bor o‘qituvchilar har bir o‘quvchisi uchun 5 tadan, sinf rahbarligi yo‘qlar esa 30 ta ovoz yig‘ishi kerak. Shuningdek, ushbu maktabda har bitta sinfda nechta o‘quvchi o‘qishiga qarab, ushbu sinfdan to‘planishi kerak bo‘lgan ovozlar sonini jadval qilib chiqarilgan va e’lonlar tax taxtasiga ilib qo‘yilgan.

Bu yil bozor chaqqon

Oldingi mavsumlarda uncha aralashmagan stavka turi bu mavsumda anchagina ommalashdi, ya’ni gadjetlar. Unga ko‘ra, siz bir ovoz uchun simli quloqchin, telefon uchun himoya vositalari(g‘ilof, ekran oynasi) olishingiz mumkin. Bunda ham yuqori stavkalar mavjud. Bermoqchi bo‘lgan ovozga qarab taqdim etiladigan mahsulotlar ham ortib boraveradi. Ya’ni simsiz quloqchinlar, katta quloqchinlar, iwatchlar, quvvatlagichlar ham olish imkoni bor.

Bundan tashqari, internet hamda geym klublari ham “Open budget”ga ovoz yig‘moqda. Ulardagi bitta ovoz uchun stavka esa kompyuterdan 2 soat bepul foydalanish.

Ovoz berishlar yakunlanishiga yana 5 kun qoldi. Bu orada barcha stavka turlarida o‘zgarishlar, ya’ni ko‘tarilishlar kuzatilishi tabiiy.