$
 12178.85
49.84
 14053.18
84.2
 146.54
-1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

10 milliondan ortiq o‘zbekistonlik “Open budget”da ishtirok etdi

open

O‘zbekistonda “Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi ilk mavsumi yakunlanib, 1996 ta loyiha g‘olib deb topildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu tashabbuslarni amalga oshirishga 3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratdi. 

Bu safar ham asosiy talab yo‘llarni ta’mirlash va maktablar holatini yaxshilashga qaratilgan. 

10 milliondan ortiq ovoz

Joriy yilning 11-martidan 20-martiga qadar davom etgan ovoz berish jarayoni mamlakatda fuqarolik jamiyati naqadar faollashganini ko‘rsatdi. “Ochiq byudjet” portali orqali o‘z kelajagi uchun befarq bo‘lmagan hamyurtlarimiz tomonidan jami 10 million 284 mingta ovoz berildi. Bu raqamlar ortida minglab mahallalar va millionlab insonlarning hayot sifatini yaxshilashga bo‘lgan intilishi yotibdi.

Tanlovning dastlabki bosqichida jamoatchilik tomonidan jami 21 049 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Shaffof saralash jarayonlaridan so‘ng, ularning 17 424 tasi keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan 1996 ta loyiha g‘olib deb topildi.

3 trillion so‘mdan ziyod sarmoya

Davlat budjetidan g‘olib loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun jami 3 trillion 5 milliard 827 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘lar bevosita aholi ko‘rsatgan eng og‘riqli nuqtalarni sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.

Loyiha yo‘nalishlari tahlil qilinganda, yurtdoshlarimizni eng ko‘p tashvishlantirayotgan masala infratuzilma ekanligi ma’lum bo‘ldi. Xususan:

  • Yo‘l infratuzilmasi: Eng katta ulush ichki yo‘llarni ta’mirlashga tegishli bo‘lib, jami 868 ta loyiha aynan shu sohani rivojlantirishga qaratilgan.
  • Ta’lim sohasi: Maktablarni zamonaviy talablarga moslashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir 566 ta tashabbus g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
  • Tibbiyot: Sog‘liqni saqlash muassasalarining holatini yaxshilash va sifatli tibbiy xizmat uchun sharoit yaratish bo‘yicha 163 ta loyiha moliyalashtiriladigan bo‘ldi.

“Tashabbusli byudjet” tizimi nafaqat mablag‘larni taqsimlash, balki har bir fuqaroga o‘z mahallasi va tumanining rivojiga bevosita hissa qo‘shish imkonini beruvchi qudratli instrumentga aylandi. Endilikda navbatdagi vazifa — ajratilgan mablag‘larning o‘z vaqtida va sifatli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdir.

Теги :
Jamiyat