$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent onkologiya markazining 4,36 gektarlik maydonida Yoshlar shaharchasi va bog‘ tashkil etiladi

Onkologiya

Toshkent shahar onkologiya markazining 4,36 gektarlik maydonida yirik eko-loyiha va zamonaviy ma’rifiy maskan barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hudud “Yashil shahar” konsepsiyasi negizida obodonlashtirilib, tibbiyot muassasasi binolari bo‘shatilgach, uning asosiy qismi barcha aholi va shaharliklar uchun ochiq yashil bog‘ga aylantiriladi.

Ta’lim imkoniyatlari

Prezidentning 27-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Toshkent shahrini 2026−2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sobiq shaharchasi o‘rnida Yoshlar shaharchasi tashkil etiladi. Loyiha doirasida mavjud binolar saqlab qolinib, to‘liq rekonstruksiya qilinadi hamda ijtimoiy va ta’lim maqsadlariga moslashtiriladi.

Shaharchada dual ta’lim tizimi joriy etilib, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy hamda kelajak kasblari bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda davlat bino va inshootlari sanoat, qurilish hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Buning evaziga ijarachilar aholi va yoshlarni dual ta’lim asosida o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash majburiyatini oladi.

bog‘, onkolgiya markazi, toshkent, toshkent shahar hokimligi, yashil shahar, yoshlar shaharchasi

Tijorat obyektlariga qo‘yilgan cheklovlar

Poytaxt hokimligi Yoshlar shaharchasi loyihasi yashil bog‘ hududini qisqartirmasligini va uning o‘rnini egallamasligini alohida ta’kidlagan. Hududda alohida biznes-ofislar yoki boshqa tijorat obyektlarini qurish ko‘zda tutilmagan, atrof to‘liq ko‘kalamzorlashtiriladi. Mazkur maydon yaqin atrofda yashovchi mahalla ahli hamda barcha poytaxtliklar uchun ochiq jamoat maskani bo‘lib qoladi.

Qayta ta’mirlangan binolarga o‘quv va ijodiy markazlar, kutubxona, kovorking maydonlari, yuqori texnologiyali sanoat-muhandislik va servis zonalari, simulyatsiya ustaxonalari, ilg‘or amaliyot bazalari hamda startap-studiyalar joylashtiriladi. Shuningdek, yoshlar bog‘i, tadbirkorlik zonalari va biznes-ofislar ham loyiha rejasidan o‘rin olgan. Ulkan loyiha ijrosi uchun Toshkent shahar hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul etib belgilangan bo‘lib, barcha ishlarni 2026-yilning dekabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat