$
 12060.55
-36.78
 14183.21
-50.51
 161.32
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

JSST rahbari O‘zbekistondagi bolalar onkologiyasi tizimida erishilgan natijalarni e’tirof etdi

JSST rahbari va Ziroat Mirziyoyeva

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesus O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bu boradagi gumanitar tashabbuslar bilan yaqindan tanishdi. “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lgan oliy martabali mehmon sohani rivojlantirishdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Tashrif davomida asosiy e’tibor nafaqat zamonaviy tibbiy texnologiyalar va davolash usullariga, balki bemor bolalarning ijtimoiy moslashuvi hamda ruhiy salomatligiga ham qaratildi. Xususan, Tedros Gebreyesus “Zamin” fondi tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan “Mehrli maktab” loyihasining ahamiyatini alohida ta’kidladi. Ushbu tizim uzoq vaqt shifoxonada muolaja olayotgan bolalarning ta’limdan uzilib qolmasligini ta’minlab, ularning reabilitatsiya jarayonini samarali tashkil etishda muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda.

JSST Bosh direktori bolalar salomatligini himoya qilish va saratonga qarshi kurashishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi kutilgan natijani berayotganini qayd etdi. U markazdagi sharoitlar va u yerda davolanayotgan yoshlar bilan muloqotdan olgan taassurotlari haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday deb yozdi:

”Men ushbu markazlarda yaratilgan sharoitlar tufayli sifatli muolaja olayotgan va qalbida ertangi kunga umid uyg‘ongan ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashganimdan xursandman”.

Tedros Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, bolalar onkologiyasi sohasida O‘zbekiston tajribasi va amalga oshirilayotgan loyihalar mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Tashkilot rahbari kelgusida ko‘proq bolalarning hayotini saqlab qolish va ularni butunlay sog‘lomlashtirish yo‘lida xalqaro sheriklar bilan birgalikda ishlashga, shuningdek, mamlakatdagi bu kabi ezgu tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ushbu uchrashuv O‘zbekistonda onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy va ijtimoiy ko‘mak xalqaro darajadagi e’tirofga loyiq ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Теги :
Jamiyat