O‘zbekistonliklar omonat uchun milliy valyutani afzal ko‘rishmoqda
O‘zbekistonda odamlar jamg‘arma uchun odatda dollar yoki uy-joyni alternativ sifatida ko‘rishadi. Ancha yillardan buyon davom etayotgan bu an’ana qanchalik to‘g‘ri va u bugungi kunda ham ishonchlimi?
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda odamlar jamg‘arma uchun odatda dollar yoki uy-joyni alternativ sifatida ko‘rishadi. Ancha yillardan buyon davom etayotgan bu an’ana qanchalik to‘g‘ri va u bugungi kunda ham ishonchlimi?
Amaldagi tizim muammosi
O‘zbekiston respublikasida barcha omonatlar yuz foiz qaytarilishi avvaldan kafolatlanib kelgan. Biroq avgust oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ko‘rib chiqildi. Muhokama jarayonida ta’kidlanishicha, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘lib kelgan.
Yangi tizim
Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqayotgan qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi 200 mln. so‘m bo‘lishi belgilangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilingan. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi. Qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishadi. Bu omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani. Ushbu loyiha bo‘yicha hali qonun qabul qilinmadi, uning qachon kuchga kirishi ham hozircha noma’lum.
Odamlar va kompaniyalar so‘mni tanlashmoqda
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda avgust oyidan sentyabrgacha omonatlar hajmi 2,8 foizga oshgan. Sentyabr oyi yakuniga banklardagi jami omonatlar 283 trln. so‘mga yetgan. Bu esa o‘tgan yilga qaraganda 27 foiz ko‘proq (devalvatsiya ham inobatga olingan) degani. Qiziqarlisi, so‘mdagi omonatlar ulushi sezilarli ravishda oshibdi. O‘tgan yili 68 foiz bo‘lsa, bu yil 73 foizga yetgan. Buning natijasida esa bankdagi omonatlarning 205 trln. so‘mi milliy valyutada, 78 trln. so‘m esa xorijiy valyutada saqlanmoqda. O‘zbekistonda odamlar va kompaniyalar borgan sari omonat uchun so‘mni afzal ko‘rishyapti.
Pul jamg‘arishning an’anaviy usuli
Hozirgi kunda ko‘pchilik o‘z jamg‘armalarini qayerda va qanday saqlash haqida bosh qotirmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimiz, O‘zbekistondagi omonatlarni kafolatlash tizimiga o‘zgartirish kiritilayotgani esa bu mavzuni yanada aktuallashtirgani tabiiy. O‘zbekistonda odamlar jamg‘arma uchun har doimgidek dollar yoki uy-joy alternativ sifatida ko‘rishmoqda. Biroq bu an’ana qanchalik to‘g‘ri va u qanchalik ishonchli, degan savol ham aktual. Mutaxassislar bu kabi savollarga turlicha javob qiladi. Biz quyida ulardan birining fikrlarini bo‘lishamiz.
Ko‘chmas mulk yoki dollar?
Mutaxassisning fikricha, dollar likvidlik jihatidan yaxshi bo‘lishi mumkin, chunki uni istalgan vaqtda yaxshi narxda sotish mumkin. Ammo u daromadlilik nuqtayi nazaridan zaif. Oddiy misol – so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda narxlar 31 foizga, dollar esa 17 foizga oshdi. Ya’ni u hatto inflyatsiyadan himoya qilolmaydi, foyda haqida gapirmasa ham bo‘ladi. y-joy bilan esa vaziyat biroz boshqacha. U qattiq valyutada (dollar, yevro) 15-25 foizga qimmatlashadi va yaxshi daromad keltiradi. Lekin bunda pulni chiqarib olish uzoqqa cho‘zilishi muammo bo‘ladi. Masalan, omonatni bir daqiqada naqdlashtirish mumkin bo‘lsa, uy-joy bilan buning imkoni yo‘q. Buning ustiga, hozirda aholining uy-joy sotib olish qobiliyati pasaymoqda va savdo avvalgidek yaxshi bo‘lmayapti.



