$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Epshteynning oltita ombor ijara olgani aniqlandi

epshteyn

Jeffri Epshteyn jinoyatlariga dalil boʻluvchi kompyuterlar va suratlarni yashirish uchun AQSH bo‘ylab oltita omborxonani ijaraga olgan. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Xususiy detektiv yollangan

Nashr qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, Epshteyn Florida shtatidagi uyidan jihozlarni olib chiqish uchun xususiy detektivlarni yollagan. Bu uning tergovchilardan dalillarni yashirishga uringanini ko‘rsatadi. U AQSH bo‘ylab jami oltita omborni ijaraga olgan va ularda o‘z mulklaridan olib kelingan buyumlarni, jumladan, Karib dengizidagi shaxsiy oroli — Little Saint James’dagi kompyuterlarni saqlagan.

Epshteyn kamida bitta omborni 2003-yildan ijaraga olgan. The Telegraph qo‘lga kiritgan kredit karta kvitansiyalari omborlar uchun to‘lovlar 2019-yilgacha, ya’ni uning vafot etgan yiliga qadar muntazam amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Ushbu omborlar tekshirilmagan

AQSH rasmiylari ushbu omborlarni tekshirmagan bo‘lishi mumkin. Bu esa ularda Epshteyn va unga aloqador shaxslar, jumladan, sobiq shahzoda Endryu Mauntbatten-Vindzor hamda Lord Mendelson bilan bog‘liq oshkor qilinmagan dalillar bo‘lishi ehtimolini kuchaytiradi.

Dekabr oyida AQSH Adliya vazirligi (DoJ) Epshteynga oid uch million faylni e’lon qilgan edi. Jinsiy zo‘ravonliklar sodir etgan jinoyatchi uzoq vaqtdan beri o‘z tanishlari haqida shantaj materiallari to‘plaganlikda ham gumon qilingan. Biroq bunday foto yoki videolarning juda oz qismi oshkor bo‘lgan. Bu esa DoJ nufuzli shaxslarni himoya qilayotgani haqidagi da’volarni kuchaytirgan, biroq rasmiylar buni rad etib kelmoqda.

The Telegraph aniqlagan moliyaviy hujjatlar va DoJ e’lon qilgan elektron xatlar ushbu yashirin omborlarda kompromat saqlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Epshteyn vafot etgan paytda AQSH va Fransiyada beshta yirik mulkka ega bo‘lgan. 2019-yilda hibsga olingach, uning mulklarida tintuv o‘tkazilgan. Ularning ko‘pchiligida katta omborxonalar va bo‘sh yerto‘lalar borligi aniqlangan. Shunga qaramay, Eshteyn nega tashqi omborlarni ijaraga olgani noma’lum.

Yashirin kameralar

The Telegraph fevral oyida Epshteyn o‘z uyidagi salfetka qutilari ichiga yashirin kameralar o‘rnatishni xodimlarga buyurganini ma’lum qilgan edi. Shunga qaramay, Federal qidiruv byurosi (FBI) Epshteyn kompromat saqlaganiga oid dalillar yo‘qligini bildirdi.

Yangi hujjatlarda Epshteyn 2000-yillarning o‘rtalarida uyi tintuv qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgach, xususiy detektivlarga kompyuterlarni boshqa omborga ko‘chirishni buyurgani aks etgan. Shuningdek, ular Nyu Yorkdagi yashirin omborni ochish uchun o‘n minglab dollar haq olgan.

Bundan tashqari, Epshteynning xodimlari uning shaxsiy orolidan kompyuterlar va CD disklarni yashirin omborlarga ko‘chirishni muhokama qilgan. Ushbu omborlarda saqlangan materiallar AQSH hukumati tomonidan e’lon qilingan va taxminan 2009-yildan boshlangan elektron yozishmalardan ham oldingi davrga oid bo‘lishi mumkin.

Detektivlar izoh berishni rad etgan

The Telegraph Epshteynning sobiq xususiy detektivlariga izoh so‘rab murojaat qilgan, biroq ular ish maxfiy ekanini aytib, izoh berishdan bosh tortgan. Federal qidiruv byurosi esa omborlar tekshirilgan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.

Теги :
Jamiyat