$
 12557.56
-34.15
 14809.13
-12.57
 159.44
-0.74
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Final va medal naqd: O‘zbekiston delegatsiyasining yana ikki vakili Olimpiada o‘yinlari final bosqichida

Hasanboy Do

Kuni kecha Olimpiadaning 9-kuni yakunlandi. Ushbu kunda garchi medal qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa-da, ikkita sportchimiz final yo‘llanmasini naqd qildi.

Yengil atletika va veloshosse

4-avgust kuni Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilarimizning natijalari bilan tanishamiz. Kunni, dastlab, yengil atletikachimiz Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bahsidagi ishtiroki orqali boshlab berdi va u 7,77 metr natija bilan final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Shuningdek, yana bir yengil atletikachimiz Safina Sadullayeva esa vakillarimizga atalgan kun dasturini yakunlab berdi. Balandlikka sakrash bahslarining final bosqichida ishtirok etgan vakilamiz 1,98 metrni uch urinishda ham zabt etolmadi.

Ushbu balandlikni zabt etish orqali sportchimiz eng kamida bronza medalini qo‘lga kiritishi mumkin edi. U Olimpiadani 7-o‘rinda yakunladi. U bilan bir xil balandlikka sakragan, ammo kamroq urinish sarflagan sportchi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, kecha velosportchilarimiz Yanina Kuskova va Olga Zabelinskaya ham o‘z ishtirokini guruh poygalarida boshladi. Marraga Zabelinskaya 70, Kuskova esa 51-bo‘lib yetib keldi.

Finallar va medallar naqd

4-avgust oqshomi boks bahslarining navbatdagi bosqichi o‘tkazildi. Unda bokschilarimiz Hasanboy Do‘smatov va Lazizbek Mullojonov final yo‘llanmasi uchun ringga chiqishdi. Do‘smatov yarim finalda Kobo-Verde bokschisini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, final bosqichiga yo‘l oldi. Mullojonov ham Do‘smatov kabi final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Yarim finalda u tojikistonlik Davlat Boltayevni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugungi dastur

Olimpiada o‘yinlarining bugungi dasturidan faqatgina bitta sportchimizning ishtiroki o‘rin egallagan bu — 60 kg vazn toifasidagi Islomjon Bahromov. U yunon-rum kurashidagi bahslarda ishtirokini boshlaydi. Bahromov uchun bu faoliyatidagi debyut Olimpiada bo‘ladi, Tokioda uning vaznida Elmurat Tasmuradov musobaqada ishtirok etgan edi. Tasmuradov hozirda yunon-rum terma jamoa jamoamiz murabbiyi. Islomjon Belgraddagi Jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritish asnosida Parij Olimpiadasi yo‘llanmasiga ham ega chiqqan edi. Islomjon Bahromov Jahon chempionatining bronza medali hamda Osiyoning oltin va ikki karra bronza medallariga ega chiqqan.