O‘zbekistonning oltin zahirasi 35 milliard dollardan oshib ketdi
Bu rekord hisoblanib, xalqaro aktivlar oltin narxining oshishi hisobiga $1,72 mlrd.ga o‘sdi. Biroq valyuta zaxiralari $1,3 mlrd.ga kamaydi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi ketma-ket kamayishdan keyin, yanvar oyida ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Regulyator zaxiralaridagi aktivlarning qiymati $42,9 mlrd.ni tashkil etdi
1-fevral holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati bir oyda $1,73 mlrd.ga yoki 4,2 foizga oshib, $42,9 mlrd.ni tashkil etdi. Ularning hajmi eng yuqori qiymatlarga yaqinlashdi.
Oltin zaxiralari qiymati $3,02 mlrd.ga — $32,03 mlrd.dan $35,06 mlrd.gacha oshib, rekord ko‘rsatkichini yangiladi. Uning fizik hajmi 12,6 mln. troy unsiya (391,9 tonna) oshdi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari kamaydi
O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,3 mlrd.ga kamaydi. Ularning hajmi $7,3 mlrd.ni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $442,3 mln.ni hamda xorijiy banklarda $6,75 mlrd.ni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan sotib olingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oy ichida biroz oshdi — $102,1 mln.
Mamlakat oltin xaridida TOP-10likda
Jahon oltin kengashi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2024-yilda dunyoning eng yirik oltin xaridorlari o‘ntaligiga kirdi. Markaziy bankning sof oltin xaridi hajmi 11 tonnani tashkil etdi. Mamlakatda oltin ishlab chiqarish OKMK va NKMKda qazib olish hajmining oshishi hisobiga 8 foizga o‘sdi.
Fevral oyi boshida oltin fyucherslari narxi tarixiy maksimumni yangilab, birinchi marta $2 900 dan oshdi. Bu Xitoyning Amerika tovarlariga javob bojlari e’lon qilganidan keyin xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab oshishi fonida yuz bergan.



