$
 12039.61
54.51
 13992.43
69.34
 149.17
0.31
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir necha kunlik ifloslanish: Eng toza havo O‘zbekistonning qaysi hududida?

Ifloslangan havo

          “O‘zgidromet” Respublika bo‘ylab yomon ob-havo bir necha kun davom etishi va aholidan ehtiyot choralarini ko‘rishini ma’lum qildi. Xo‘sh, O‘zbekistonda yashil darajadagi havo saqlanib qolgan hududlar bormi?

Markaz axboroti

“O‘zgidromet” atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi avtomatik stansiyalari ma’lumotlarini taqdim etdi. 2025-yil 16-noyabr kuni soat 20:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri havosidagi PM10-mayda dispersli zarrachalarning miqdori 373 mkg/m3’ga yetgan. Bu havo ifloslanish darajasi ruxsat etilgan me’yordan (REM) (300 mkg/m3) 1,2 marta oshganini anglatadi.

IQAir ma’lumotlari

     Soat 21:00 da esa IQAir platformasida Toshkent havosining sifati yanada yomonlashib, AQI 237 – juda zararli darajani ko‘rsatgan.

IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, havo ifloslanishi faqat Toshkentda emas — deyarli butun O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilgan.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar:

  •  Farg‘ona: AQI 603 — xavfli
  •  Urganch: AQI 294 — juda zararli
  •  Jizzax: AQI 274 — juda zararli
  •   Buxoro: AQI 235 — juda zararli

O‘rta darajada ifloslanish:

  • Termiz: AQI 174 — zararli
  • Andijon: AQI 200 — zararli
  • Namangan: AQI 166 — zararli
  •  Nukus va Navoiyda ham ko‘rsatkichlar xavfli darajadan yuqori bo‘lgan.

Bir necha kunlik yomon havo sharoiti

     “O‘zgidromet” yuzaga kelgan havo ifloslanishini haroratning keskin o‘zgarishi sabab yuzaga kelgan atmosfera inversiyasi bilan bog‘lamoqda — bu jarayon mayda zarrachalarning yer sathida to‘planishiga olib keladi. Markaz bunday ob-havo sharoitlari respublika bo‘ylab bir necha kun davomida saqlanib qolishini bildirgan. Aholi hamda mehmonlardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ralgan. Imkon qadar ochiq havoda yurishni kamaytirish, tashqariga chiqqanda niqob taqish tavsiya etilgan.

Qo‘shni davlatda ham shu ahvol

     Shuningdek, qo‘shni davlat Qozog‘istonning 11 shahri, Olmaota, Ostona, Atirau, Oqtobe, Chimkent, Qarag‘anda, Jezqazg‘an, Temirtov, Balxash, O‘skemen va Ridderda ham 17-noyabr kuni havo sifati yomonlashishi prognoz qilingan. Ularda noqulay meteorologik sharoit yuzaga kelishi prognoz qilingan.

     Ikki davlat ekspertlari ham sabablarni o‘xshash keltirgan.

O‘zbekistonning qaysi hududlarida havo yashil darajada?

     IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Toshkent viloyatining G‘azalkent va Sijak hududlarida havo sifati yashil darajada. Lekin, ertangi kun uchun prognozlar ikki hududda ham havo sifati sariq darajaga tushishini ko‘rsatmoqda.

Har yili yomon havodan 7 million qurbon

     Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, havo ifloslanishi tufayli har yili 7 millionga yaqin odam vafot etadi. Global iqlim va sog‘liqni saqlash alyansi kompaniyasi rahbari Shveta Narayaning ma’lum qilishicha, yuqori ifloslanish darajasi qayd etilgan hududlar eng ko‘p ko‘mir, neft va gazdan foydalanadi. Butun dunyo bo‘yicha yomon havodan nafas oladiganlar esa 99 foizni tashkil qilgan.


Diqqat! IQAir ma’lumotlari real vaqt rejimida yangilanib turishi hisobiga yuqorida ko‘rsatilgan ma’lumotlar hozirgi vaqtdagi ma’lumotlarga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Теги :
Jamiyat