$
 12320.34
17.18
 14614.39
106.5
 159.36
-0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘lim bilan yakunlangan “tarbiyaviy yig‘ilish”: Olmaliqdagi maktabda nima sodir bo‘ldi?

Olmaliqda 10-sinf o‘quvchisining vafoti ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Foydalanuvchilar fojiani “tarbiyaviy” yig‘ilish bilan bog‘lashmoqda. Ota-onalarning ta’kidlashicha, mazkur yig‘ilish maktabda ularning xabarisiz va psixologlar ishtirokisiz o‘tkazilgan. Bu haqda o‘quvchilar oilalarining murojaatlariga tayangan holda Nemolchi.uz huquqni himoya qilish loyihasi xabar berdi.

Ota-onalar nima deydi

Quyida maktab o‘quvchilaridan birining ota-onasi so‘zlari keltiriladi:

“O‘tgan hafta shahar maktablaridan birida 10-sinfda o‘qiydigan qiz vafot etdi. Qizda kuchli stress oqibatida tromb uzilgan, uni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Stress esa ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida, ruxsatsiz o‘tkazilgan yig‘ilish sababli yuzaga kelgan. Ushbu yig‘ilishni maktabning ota-onalar qo‘mitasi vakili tashkil qilgan bo‘lib, u boshqa bir o‘quvchi qizni himoya qilishga uringan.

Maktabda yuqori sinfda o‘qiydigan qiz haqida yomon mish-mishlar tarqalgan edi. U qiz ota-onalar qo‘mitasi vakilining qarindoshi yoki tanishi bo‘lgan. U yolg‘on bahona bilan ichki ishlar organlarini chaqirib, baland ovozda va keskin ohangda qizlarga ma’ruza o‘qigan. Shundan so‘ng mish-mishlarni tarqatishda “gumon qilingan” qizlar alohida xonaga suhbatga chaqirilgan. Bu xonada asosan erkaklar bo‘lgan. Vafot etgan qiz suhbatga chaqirilgan paytda kuchli ruhiy zarbani boshidan kechirgan.

Mening farzandim ham ushbu yig‘ilishda bo‘lgan. Men va ko‘plab ota-onalar qattiq norozimiz. Qanday qilib ota-onalarni va psixologlarni xabardor qilmasdan bolalarni yig‘ishga jur’at qilish mumkin? Qaysi huquq asosida bu ota-ona ichki ishlar organlari xodimlari (erkaklar) ishtirokida bolalarimizni baland ovozda koyiydi, ustiga-ustak, noqulay savollar berishga jur’at qilgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishga ham haddini sig‘dira oladi?”

Rasmiy munosabat

O‘z navbatida, Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, 28-yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-maktabda 10-sinf o‘quvchisi K. E. (2009-yilda tug‘ilgan) maktab yo‘lagida hushidan ketgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, uni saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosalar va tergov natijalari barcha protsessual harakatlar tugallangach e’lon qilinishi ma’lum qilindi. Mutasaddi idoralar tekshiruv yakuniga qadar tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Теги :
Jamiyat