$
 12707.95
57.69
 14099.47
115.87
 140.95
-1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Yomg‘irli ochilish marosimi: XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari rasman start oldi

Sena daryosi

Bugun oqshom Parijda to‘rt yillikning eng yirik sport musobaqasi – Olimpiada-2024 bahslarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi ushbu marosim har galgidan farqli, ilk bor stadionda emas, Sena daryosida o‘tkazildi. Yana bir esda qolarli jihati, marosimga yomg‘ir ham hamohang bo‘ldi.

Ochilish marosimi

Bokschimiz Abdumalik Xalokov va qilichboz Zaynab Dayibekova O‘zbekiston delegatsiyasining marosimdagi bayroqdorlari bo‘lishdi. Bu safargi turnir bilan hisoblaganda Fransiya poytaxti yozgi Olimpiya o‘yinlariga uchinchi bor mezbonlik qilgan Londondan keyingi ikkinchi shaharga aylanadi. Yana bir e’tiborli jihati, 26-iyuldan 11-avgustgacha davom etadigan Parij-2024 – gender tenglik asosida o‘tkazilayotgan birinchi Olimpiada bo‘ladi. Sababi 10 500 nafar sportchining teng yarmi ayollardan iborat.

O‘zbekiston uchun yangi tarix

Parij-2024 – O‘zbekiston delegatsiyasi mustaqil davlat sifatida ishtirok etadigan sakkizinchi yozgi Olimpiya o‘yinlaridir. O‘zbekiston delegatsiyasi litsenziyalar bo‘yicha o‘z rekordini yangilab, ilk bor Olimpiada o‘yinlarida 19 sport turida, 90 nafar sportchi bilan 75 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Bungacha rekord 1996 yilgi Olimpiadaga tegishli bo‘lib, o‘shanda Atlantadagi musobaqalarda o‘zbekistonlik 71 nafar sportchi qatnashgandi.

Tarixdagi eng qimmat medal

Parij Olimpiadasi medallari o‘yinlar tarixidagi eng qimmat medalga aylandi. Narxlarning oshishi global energiyaga yashil o‘tish tufayli metallarga talabning ortishi bilan bog‘liq. Oltin 935 dollarga, kumush 473 dollarga ko‘tarilgan, bronza esa 4,1 dollardan 3,88 dollargacha arzonlashgan. Parij Olimpiadasi sovrindorlariga atalgan medallarni tayyorlashda Eyfel minorasining qurilishidan ortgan temir bo‘laklari ishlatilgan.

Fransiya temir yo‘llaridagi kollaps 

Olimpiya o‘yinlari ochilish kuni Fransiya temir yo‘llarida kollaps yuz berdi. Parij va Lill, London va Parij o‘rtasida harakatlanuvchi “Eurostar” tezyurar poyezdlari harakati to‘xtatilgan. Yo‘lovchilar oddiy poyezdlarga o‘tkazilmoqda. Ayrim poyezdlar qatnovi bekor qilingan. "Fransiya Milliy temir yo‘l kompaniyasi bayonotida aytilishicha, tunda temir yo‘lda o‘tgan tunda "qasddan o‘t qo‘yish" sodir etilgan. Politsiya va razvedka xizmatlari voqea sabablarini o‘rganishga jalb etilgan. Ushbu kollaps 800 mingga yaqin odamga ta’sir qildi, vokzallarda juda ko‘p odamlar to‘planib qolgan.

Bugun kimlar chiqish qiladi?

Parij Olimpiadasining bugungi kunga atalgan dasturida qaysi sportchilarimiz chiqish qilishi ma’lum. Ularning ro‘yxati va chiqish vaqtini quyida keltiramiz:

13:00 dan so‘ng: Doston Ro‘ziyev (dzyudo)

13:00 dan so‘ng: Halimajon Qurbonova (dzyudo)

13:15: Anna Prakaten (akademik eshkak eshish)

14:12:Anastasiya Zelinskaya (suzish)

14:45: Ilya Sibirsev (suzish)

17:30: Olga Zabelinskaya (velosport)

19:00: Nigina O‘ktamova (boks)

20:00: O‘zbekiston - Misr (futbol)

23:00: Rasuljon Abdurahmonov (sport gimnastikasi)

23:00: Xabibullo Ergashev (sport gimnastikasi)

23:00: Abdullo Azimov (sport gimnastikasi)