$
 11934.64
-14.39
 13896.69
-25.12
 164.14
-2.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Yadrochi olimaning sirli o‘limi: Jasad bir yildan so‘ng topildi

olima

AQSHning Nyu-Meksiko shtatida bir yildan ortiq vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan Los Alamos milliy laboratoriyasi xodimi Melissa Kasiasga tegishli jasad qoldiqlari topildi.

Bedarak yo‘qolish

53 yoshli Melissa Kasias 2025-yil 26-iyun kuni oxirgi marta shtat avtomagistralida ko‘rinish bergan. U Los Alamos milliy laboratoriyasida yadro, kosmik va mudofaa tadqiqotlari bilan shug‘ullangan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni u AQSHning yadro quroli zaxirasini saqlashga yordam beruvchi obyektga olib borilgan. Eri Mark Kasiasning aytishicha, u rafiqasini ertalab soat 06:15 da ko‘rgan va Melissa ish joyiga ketgan.

Keyinchalik u ish bilan bog‘liq hudud ichida boshqa joyga borishi kerak bo‘lgan. Mashinani esa soat 11:00 gacha qaytarishi lozim edi. Biroq u belgilangan vaqtda qaytmagan.

Tergov davomida Melissa o‘sha kuni ertalab qisqa muddatga uyiga qaytgani aniqlangan. Qizi Sierra undan sabab so‘raganida, u ishga kirish uchun kerak bo‘ladigan beyjikni unutib qoldirganini aytgan.

Biroq keyinchalik laboratoriya rahbari uning ishga umuman kelmaganini ma’lum qilgan. Oxirgi marta u taxminan soat 14:18 da Nyu-Meksiko shtatidagi 518-magistral yo‘li bo‘ylab sharqqa harakatlanayotganida ko‘rilgan.

Jasad topilishi

2026-yil 28-may kuni Melissa Kasiasning jasadi qoldiqlari Karson milliy o‘rmonining Makgaffi tizmasi hududidan sayyoh tomonidan topilgan. Shtat politsiyasi qoldiqlar yonida to‘pponcha ham aniqlanganini bildirgan.

Tibbiy ekspertiza idorasi yordamida uning shaxsi tasdiqlangan, biroq o‘lim sababi hozircha aniqlanmagan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Melissaning oilasi jasad ilgari qidiruv olib borilgan hududdan topilganini aytgan.

Jamoatchilik reaksiyasi va ortayotgan savollar

Melissa Kasiasning yo‘qolishi va keyinchalik jasadi topilishi AQSHda so‘nggi yillarda bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan ayrim olimlar haqidagi boshqa holatlar bilan birga muhokama qilinmoqda.

Ba’zi holatlar o‘z joniga qasd qilish yoki turli sabablar bilan izohlangan bo‘lsa-da, ketma-ket sodir bo‘layotgan voqealar internetda fitna nazariyalari va spekulyatsiyalarni kuchaytirgan. Bu holat Kongress a’zolari e’tiboriga ham tushgan bo‘lib, ayrim siyosatchilar rasmiy tergovni kengaytirishni talab qilgan.

AQSH rasmiylari esa Melissa Kasiasning o‘limi sababi hali aniqlanmaganini va tergov davom etayotganini bildirgan.

Теги :
Jamiyat