$
 11886.72
-55.49
 13717.27
-25.83
 146.37
-1.05
weather
+26
Кечаси   +14°

Yangi global xavf: El Nino hodisasi 49 million kishini och qoldirishi mumkin

el nino

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) e’lon qilgan yangi hisobot global miqyosda xavotir uyg‘otmoqda. Unda qayd etilishicha, 2027-yil oxirigacha yuz berishi kutilayotgan kuchli El Nino hodisasi dunyoning eng nochor hududlarida yashayotgan yana 49 million kishini o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga olib kelishi mumkin. Mutaxassislar hodisaning yuz berish ehtimolini 81 foiz deb baholamoqda. Agar prognozlar tasdiqlansa, bu 1950-yildan buyon kuzatilgan eng kuchli El Nino hodisalaridan biri bo‘ladi.

49 million kishi ochlik yoqasiga kelishi mumkin

Mutaxassislarning qayd etishicha, Tinch okeani yuzasi harorati kamida 1982-yildan beri kuzatilgan eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. Aynan shu omil kuchli El Nino shakllanishi ehtimolini keskin oshirmoqda. El Nino Tinch okeanining ekvatorial qismida suv haroratining me’yordan yuqori ko‘tarilishi bilan bog‘liq tabiiy hodisa bo‘lib, u dunyoning turli hududlarida ob-havo sharoitini keskin o‘zgartiradi. Janubiy Afrikada uzoq davom etadigan qurg‘oqchilik, Osiyoning ayrim mamlakatlarida musson yomg‘irlarining kechikishi, boshqa hududlarda esa kuchli yog‘ingarchilik va tabiiy ofatlar kuzatilishi mumkin. WFP Oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni tahlil qilish xizmati direktori Jan-Marten Bauer avvalgi kuchli El Nino hodisalari ayrim mamlakatlarda ommaviy ocharchilikka sabab bo‘lganini eslatdi. Agentlik 45 mamlakatdagi vaziyatni tahlil qilib, o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotgan odamlar soni yana 49 million nafarga ortib, jami 274 million kishiga yetishi mumkinligini bildirgan. Bu inqiroz darajasidagi ochlikka duchor bo‘layotgan aholi sonining 22 foizga ko‘payishini anglatadi.

Eng katta zarba Afrika va Markaziy Amerikaga tegishi kutilmoqda

Hisobotda El Ninoning eng og‘ir oqibatlari Markaziy Amerika va Janubiy Afrika mamlakatlarida kuzatilishi prognoz qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar Markaziy Amerikada 83 foizga, Janubiy Afrikada esa qariyb 75 foizga oshadi. Bundan tashqari, Janubiy Afrika, Janubiy Amerika va Karib dengizi havzasida yana 12 milliondan ortiq kishi oziq-ovqat tanqisligi xavfi ostida qoladi. WFP prognozlariga ko‘ra, Sharqiy Afrikaning ayrim hududlari, Sahel mintaqasi, Markaziy Amerika va Karib dengizi havzasida yog‘ingarchilik keskin kamayishi mumkin. Aksincha, Somali va unga qo‘shni hududlarda suv toshqinlari xavfi ortishi kutilmoqda. Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda esa qurg‘oqchilik, tartibsiz mussonlar hamda mahalliy suv toshqinlari qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

BMT hukumatlarni vaqtni boy bermaslikka chaqirdi

Mutaxassislarning fikricha, 2025-yilda mo‘l hosil olingani sabab oziq-ovqat bozori hozircha nisbatan barqaror. Biroq Yaqin Sharqdagi urushlar, ayrim hududlarda hosilning kamayishi va iqlim bilan bog‘liq muammolar oziq-ovqat narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bauerning aytishicha, avvalgi El Nino davrlarida narxlar keskin ko‘tarilmagan bo‘lsa ham, ayrim hududlardagi mahsulot tanqisligi kam ta’minlangan oilalarning oziq-ovqat sotib olish imkoniyatini keskin cheklagan. Yana bir muhim muammo shundaki, 2025-yilda AQSH va Yevropa donorlari tomonidan ajratilgan mablag‘lar qisqargani sabab oziq-ovqat xavfsizligini kuzatish ishlari ham sekinlashgan. Agar 2024-yilda WFP 1,1 million uy xo‘jaligida so‘rov o‘tkazgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 800 mingtagacha kamaygan, bu yil esa moliyaviy cheklovlar sabab ma’lumot yig‘ish yanada qisqargan. Agentlik El Nino kabi xavf oldidan tezkor ma’lumot to‘plash va hukumatlar hamda xalqaro tashkilotlarning oldindan tayyorgarlik ko‘rishi millionlab insonlarning oziq-ovqat xavfsizligini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Теги :
Jamiyat