$
 12065.49
-27.38
 13754.66
-69.91
 155.66
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Vazir iste’fosini talab qilayotgan faol ochlik e’lon qildi

Taniqli jamoat arbobi Sonam Vangchuk Nyu-Dehli markazida ochlik e’lon qilganiga 17 kun bo‘ldi. U Hindiston ta’lim vaziri Dxarmendra Pradxanning iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Shu vaqt ichida faol 8,5 kilogrammga ozib ketdi, aksiya tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, uning salomatligi tobora yomonlashmoqda.

Imtihon mojarosi ortidan boshlangan norozilik

Mazkur ochlik aksiyasi bahor oylarida millionlab abituriyentlarga daxl qilgan imtihon savollarining sizib chiqishi bilan bog’liq yirik mojaro ortidan boshlandi. Qonunbuzarliklar tufayli davlat imtihonlarining bir qismi bekor qilinib, qaytadan o‘tkazilishiga to‘g’ri keldi.

Vangchukning o‘zi imtihon tizimining shaffof bo‘lishini hamda mutasaddi amaldorlarning javobgarlikka tortilishini talab qilayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“U deyarli gapira olmayapti”

59 yoshli faol parlament binosi yaqinidagi “Jantar-Mantar” maydonida bo‘lib turibdi. Reuters agentligining xabar berishicha, uning darmoni shu qadar quriganidan, jurnalistlar bilan faqat imo-ishoralar orqali muloqot qilmoqda.

Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, 14-iyul holatiga ko‘ra, Vangchuk 8,5 kilogrammga ozib ketgan. Safdoshlarining undovlariga qaramay, u hozircha ochlik aksiyasini to‘xtatmoqchi emas.

Norozilik namoyishlari ortida kim turibdi?

Ushbu aksiyani 30 yoshli Abhijit Dipke tomonidan asos solingan “Cockroach Janta Party” (“Tarakanlar xalq partiyasi”) yoshlar harakati tashkil etdi. Bir necha oy ichida mazkur harakat ijtimoiy tarmoqlarda tez mashhurlikka erishib, millionlab obunachilarni jalb qildi va Hindistondagi yoshlar norozilik namoyishlarining asosiy ramzlaridan biriga aylandi.

Yoshlar nega namoyishga chiqmoqda?

Imtihon mojarolaridan tashqari, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosi ham keskin norozilikka sabab bo‘lmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonda 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan aholi orasidagi ishsizlik darajasi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb uch barobar yuqori.

Bunday sharoitda talabalar va yoshlar harakatlarining namoyishlari yanada kuchaymoqda, Vangchukning ahvoli esa keng jamoatchilik hamda muxolifat vakillarida tobora jiddiy xavotir uyg’otmoqda.

Теги :
Jamiyat