$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

Numbeo sog‘liqni saqlash tizimi reytingini e’lon qildi: O‘zbekiston TOP–50 talikda

sst

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro reytingda muhim natijani qayd etdi. Mamlakat 101 davlat orasida top-50 talikdan joy oldi va Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Reyting tibbiy xizmatlar sifati, shifoxonalar imkoniyatlari va bemorlarga yaratilgan sharoitlar asosida tuzilgan.

O‘zbekiston xalqaro reytingda 49-o‘rinni egalladi

“Numbeo” platformasi e’lon qilgan Health Care Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 64,4 ball to‘plab, 101 davlat orasida 49-o‘rindan joy oldi. Ushbu reyting dunyoning turli mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimi qay darajada samarali ishlashi, tibbiy xizmatlar sifati va infratuzilma holatini taqqoslash imkonini beradi. Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston top-50 talikka kirishga muvaffaq bo‘ldi. Shaharlar reytingida esa Toshkent 65,7 ball bilan Markaziy Osiyoda Ostona shahridan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu poytaxtdagi tibbiyot muassasalari va xizmatlar sifati mintaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri ekanini anglatadi.

Tibbiy xizmatlar qulayligi yuqori baholandi

Reytingda O‘zbekiston bir nechta yo‘nalish bo‘yicha yaxshi natija qayd etdi. Ayniqsa, tibbiyot muassasalarining aholiga yaqin joylashgani, shifokorlarning bemorlarga munosabati hamda tibbiy xizmatlarning nisbatan hamyonbop ekani 68–71 ball oralig‘ida baholandi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatning kuchli tomonlari sifatida e’tirof etilgan. Shu bilan birga, zamonaviy diagnostika uskunalari bilan ta’minlanganlik 59,3 ball, shifokor qabulini kutish vaqti esa 58,3 ball bilan pastroq natija ko‘rsatdi. Demak, ayrim yo‘nalishlarda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lsa-da, tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish uchun hali qilinadigan ishlar bor.

O‘zbekiston mintaqadagi barcha davlatlardan yuqori natija qayd etdi

Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasidan reytingga faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston kiritilgan. O‘zbekiston 49-o‘rinni egallab, mintaqada yetakchi bo‘ldi. Qozog‘iston esa 60,7 ball bilan 61-o‘rindan joy oldi. Reytingga kiritilgan MDH davlatlari orasida ham O‘zbekiston eng yuqori natijani qayd etdi. Mamlakat Rossiya (60-o‘rin), Qozog‘iston (61-o‘rin) va Armanistonni (62-o‘rin) ortda qoldirdi. Belarus 91-o‘rinni, Ozarbayjon esa 92-o‘rinni egalladi. Bu natijalar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro baholashda mintaqadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini namoyish etganini ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonga davolanish uchun kelayotgan xorijliklar soni ko‘paymoqda

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida davolanish maqsadida O‘zbekistonga 35 ming 401 nafar xorij fuqarosi kelgan.

Davolanish uchun kelganlarning aksariyati qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p bemor Tojikistondan tashrif buyurgan bo‘lib, ularning soni 19 ming 96 nafarni tashkil etgan. Shuningdek, 9 ming 552 nafar Qirg‘iziston, 4 ming 582 nafar Qozog‘iston fuqarosi O‘zbekistonda tibbiy xizmatlardan foydalangan. Bundan tashqari, Afg‘onistondan 1 ming 280 nafar, Rossiyadan 772 nafar va boshqa mamlakatlardan 119 nafar fuqaro davolanish uchun kelgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yilda ham O‘zbekistonga davolanish maqsadida 86 mingdan ortiq xorijlik tashrif buyurgan.

Mutaxassislar bunga sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy ko‘p tarmoqli va ixtisoslashtirilgan klinikalar sonining ortishi, ilg‘or tashxis hamda davolash usullarining keng joriy etilishi, shuningdek, tibbiy xizmat sifati yaxshilanayotgani sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Xorijlik bemorlar sonining ortib borishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi istiqbolli tibbiy turizm markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlab, tibbiy xizmatlar eksporti va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Теги :
Jamiyat