$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSH o‘zga sayyoraliklar haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi

sayyora

AQSH urush vazirligi NUJ (noma’lum uchuvchi jism)lar bo‘yicha hujjatlarni e’lon qilishni boshladi. Idora vakillarining so‘zlariga ko‘ra, endi jamoatchilik “noma’lum anomal hodisalar” bo‘yicha o‘z xulosalarini chiqarishi mumkin.

Bosqichma-bosqich eʼlon qilinadi

Pentagon 8-may kuni X ijtimoiy tarmog‘ida post qoldirdi. Unda aytilishicha, avvalgi ma’muriyatlar Amerika xalqini chalg‘itishga uringan. Biroq prezident Donald Tramp maksimal shaffoflikni ta’minlashga e’tibor qaratmoqda.

“Fuqarolar ushbu fayllardagi ma’lumotlar asosida mustaqil qaror qabul qilishlari mumkin. Qo‘shimcha hujjatlar bosqichma-bosqich e’lon qilib boriladi”, deyiladi postda.

Nomaʼlum hodisalar

Ushbu loyihaga Pentagon bilan birga Oq uy, Milliy razvedka direktori, Energetika vazirligi, NASA va FQB rahbarlik qilmoqda.

Noma’lum anomal hodisalar bo‘yicha hujjatlar joylangan yangi veb-sayt retro uslubida ishlangan. Sahifada uchar jismlarning oq-qora tasvirlari va yozuv mashinkasi shriftidagi bayonotlar aks etgan. Ilk safar uchun 162 ta taqdim etildi. Bular orasida Davlat departamentining eski xabarlari, FQB hujjatlari va NASAning koinotga parvozlari stenogrammalari bor.

Hujjatlarning birida FQBning dron uchuvchisi bilan suhbati keltirilgan. U 2023-yil sentyabr oyida osmonda “chiziqli obyekt”ni ko‘rganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, nur shunchalik yorqin bo‘lganki, hatto uning ichidagi qatlamlarni ham ko‘rish mumkin bo‘lgan. Obyekt 5-10 soniya ko‘rinib turgan, keyin esa nur so‘nib, jism g‘oyib bo‘lgan.

Yana bir fayl NASAning 1972-yildagi “Apollon-17” missiyasiga tegishli fotosuratdir. Unda uchburchak shaklidagi uchta nuqta tasvirlangan. Pentagonning izoh berishicha, ushbu anomaliya bo‘yicha hozircha yakdil fikr yo‘q. Ammo dastlabki yangi tahlillar bu fizik obyekt bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Trampning ishoralari

Tramp fevral oyidan beri ushbu e’lon haqida ishoralar berib kelayotgan edi. U shu paytgacha prezident Jon Kennedi, senator Robert Kennedi va Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni ham ochiqlagan. Biroq u hujjatlarda ma’lum bo‘lgan narsalardan boshqa yangilik deyarli yo‘q edi.

Pentagon ko‘p yillardan beri NUJga oid hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish ustida ishlamoqda. Kongress 2022-yilda bu borada maxsus ofis tashkil qilgan. Ofisning 2024-yildagi birinchi hisobotida yuzlab yangi hodisalar ochiqlangan. Biroq AQSH hukumati o‘zga sayyoraliklar texnologiyasini ko‘rganini tasdiqlovchi birorta dalil topilmadi.

2022-yilda harbiylar tushuntirib bo‘lmaydigan apparatlar bilan to‘qnashgani haqida ma’lumot bergach, Kongress Pentagonning ko‘p yillik fayllarini ochishni buyurgan edi.

Kongressdagi bir guruh respublikachilar Pentagonni hujjatlarni yashirayotganlikda ayblab, ochiqlikni talab qilib kelmoqda. Vakillar palatasi a’zosi Anna Paulina Luna mart oyida yuborgan maktubida NUJ aks etgan 46 ta videoni talab qilgan. U 8-may kuni ushbu videolar keyingi bosqichlarda e’lon qilinishini aytdi.

Biroq ekspertlar ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Ularning fikricha, ilg‘or harbiy texnologiyalardan bexabar odamlar bunday videolarni ko‘pincha noto‘g‘ri talqin qiladi. Pentagonning 2024-yildagi hisobotida AQSH hukumati o‘zga sayyoraliklar texnologiyasini qo‘lga kiritgani yoki ular hayoti haqida dalillarga ega ekani rad etilgan.

o‘zga sayyoralik

Теги :
Jamiyat