$
 12187.68
-48.45
 14366.84
-73.02
 159.09
-0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Trampning o‘zga sayyoraliklar haqidagi buyrug‘i va 4 million hujjatning yo‘qolishi: Tasodifmi yoki sabotaj?

NUJ

Vashington kutilmagan “axborot urushi” markazida qold. Prezident Donald Tramp hukumat ixtiyoridagi o‘zga sayyoraliklarga oid maxfiy hujjatlarni ochiqlashga buyruq bergan bir paytda, dunyodagi eng yirik mustaqil raqamli arxivlardan biri hujumga uchradi yoki tushunarsiz tarzda o‘chirib tashlandi.

Maxfiylik pardasining ko‘tarilishi

AQSh ma’muriyati o‘n yilliklar davomida yopiq kelgan “Noma’lum uchar jismlar” (NUJ) va yerdan tashqari hayot shakllariga oid hujjatlarni jamoatchilikka taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 20-fevral kuni Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Pentagon va razvedka idoralariga tegishli materiallarni bosqichma-bosqich e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Tramp bu qadamni “murakkab, ammo millat uchun o‘ta muhim” deb atar ekan, Mudofaa vaziri Pit Xegsetga barcha tegishli arxivlarni tekshirishni topshirdi.

Vaziyatning qiziqarli tomoni shundaki, ushbu qaror ortidan Tramp o‘zidan oldingi prezident Barak Obamani ham nishonga oldi. Obamaning yaqinda bergan intervyusida o‘zga sayyoraliklar mavjudligi haqidagi ehtiyotkorona, ammo tasdiqlovchi fikrlarini Tramp “maxfiy ma’lumotlarni ruxsatsiz oshkor qilish” deb baholadi. Sobiq prezident Obama 51-zonada maxfiy ob’ektlar yo‘qligini aytib hazillashgan bo‘lsa-da, Trampning fikricha, bunday ma’lumotlar faqat o‘ta maxfiy brifinglar orqali ma’lum bo‘lishi mumkin va ularni ochiq aytish “katta xato”dir.

3,8 million hujjatning sirli “g‘oyib bo‘lishi”

Prezidentning bayonotidan so‘ng voqealar kutilmagan tus oldi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSh hukumatining o‘zga sayyoraliklarga oid eng katta mustaqil arxivi — Black Vault serverlaridan 3,8 millionta hujjat bir kechada yo‘qolib qolgan.

30 yildan ortiq vaqt davomida MRB (CIA) va harbiy idoralarning maxfiy dasturlarini tizimlashtirib kelgan ushbu resursning asoschisi Jon Grinevald serverlar butunlay “tozalanganini” ta’kidlamoqda. Yo‘qolgan fayllar orasida nafaqat NUJlar, balki Jon Kennedi suiqasdi va maxfiy harbiy loyihalarga oid nodir hujjatlar ham bo‘lgan.

“Kataloglarga kirish huquqlari va fayllar jurnali bizga tushunarsiz tarzda o‘zgartirilgan”, — deydi Grinevald.

Garchi loyiha rahbari buni texnik xato deb atashga urinsa-da, ekspertlar buni Trampning “oshkor qilish” haqidagi buyrug‘iga javoban amalga oshirilgan ataylab sabotaj bo‘lishi mumkinligini istisno qilishmayapti.

Kelajakdagi savollar: Haqiqatmi yoki manipulyatsiya?

Hozirda Black Vault arxivi zaxira nusxalari yordamida qayta tiklangan bo‘lsa-da, bu voqea jamiyatda jiddiy shubhalarni uyg‘otdi. Agar hukumat haqiqatan ham arxivlarni ochishga tayyor bo‘lsa, nima uchun ochiq manbalardagi ma’lumotlar yo‘q qilinmoqda?

Pentagon va rasmiy idoralar hozircha hujjatlarni e’lon qilishning aniq muddatlarini ochiqlamadi. Biroq, Trampning qat’iy pozitsiyasi va Obamaning “ehtiyotkor iqrorlari” shuni ko‘rsatmoqdaki, yaqin oylar ichida insoniyatning koinotdagi o‘rni haqidagi tasavvurlari tubdan o‘zgarishi mumkin.

Ayni damda dunyo jamoatchiligi bitta savolga javob kutmoqda: Tramp va’da qilgan «katta haqiqat» e’lon qilinadimi yoki u ham Black Vault arxivlari kabi “tushunarsiz sabablar” bilan yopib yuboriladimi?

Теги :
Jamiyat