Endi hamma ko'chaga chiqa olishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida poytaxtdagi bekatlarni, jamoat transporti, jumladan metroni nogironligi bor odamlarga moslashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi.
3 daqiqa o‘qiladi

Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tmoqda.
Nogironlarga e’tibor sustlashib ketgan
Yig'ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali to‘laqonli hayotga qaytarishga e’tibor sustlashib ketgani tanqid ostiga olinib, nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilmagani sababli ular o‘zining mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmayotgani aytildi. SHuningdek, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi odamlarni hayotga ilhomlantiradigan, rag‘bat uyg‘otadigan ta’sirchan kontent, she’r, qo‘shiq, film va boshqa badiiy asarlar yaratilmayotgani ham e'tibordan chetda qolmadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya
Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilinib, O‘zbekiston 2021-yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani tarixiy voqea bo‘lgani va undagi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, shu bilan birga, viloyat va tuman hokimlari ushbu shaxslarga yordam berish, ularning uyushmalari va tashkilotlari bilan muloqot qilish, sharoit yaratish bilan yetarlicha shug‘ullanamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, ayrim vazirlik, idoralar va viloyat hokimliklarda nogironligi bo‘lgan birorta odam ishga olinmagani tanqid qilindi.
"Ota-onasi, do‘stlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba"
Videoselektorda yana nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar yaratilgani, biroq 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotning bor-yo‘g‘i 43 mingtasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlashi ta'kidlandi. "Maktablar, professional ta’lim muassasalarida sharoit yo‘qligi uchun 70 foiz ota-onalar nogironligi bor farzandlarini yashash joyidan uzoq maxsus maktab-internatiga joylashtirishga majbur. Aslida ota-onasi, do‘stlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba", - degan Prezident.
Onlayn tizim yo'lga qo'yiladi
Endilikda tumanlardagi davolash o‘rinlarining 5 foizi nogironligi bo‘lganlarni reabilitatsiya qilishga ajratilishi, tuman markaziy shifoxonalarida tibbiy reabilitatsiya xonalari tashkil etilishi belgilandi. Protez vositalari 18 turdan 30 turga, ajratilayotgan mablag‘ esa 1,5 barobar oshirilib, 100 milliard so‘mga yetkazilishi hamda ular bilan ta’minlash elektron shaklda bo‘lishi aytildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar bunday vositalarni uydan turib, vaucher orqali onlayn yoki “Inson” markazi yordamida istalgan ishlab chiqaruvchidan olishi mumkin bo‘ladi. Mutasaddilarga nogironligi bo‘lgan shaxslarga dori vositalarini tarqatishda ham tartib o‘rnatib, shaffof tizim yaratish topshirilgan. Bu uyda o‘tirgan nogironligi bor shaxslarning harakatlanishi yengillashishiga, bilim olishi va kasbiy ko‘nikma egallashi, mehnat qilishi yoki sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Imkoniyati cheklanganlarlar uchun jamoat joylarida harakatlanish uchun sharoitlar yaxshilanadi
Shuningdek, bino va inshootlarni qurish loyihasi nogironligi bo‘lganlar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha ham majburiy ekspertizadan o‘tkazilishi, xorijiy mutaxassislar ishtirokida joriy yilda kamida 500 nafar loyihachi va arxitektorni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratishga o‘qitish vazifasi qo‘yilgan. Poytaxtdagi bekatlarni, jamoat transporti, jumladan metroni nogironligi bor odamlarga moslashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bu ishlarni hududlarda ham boshlash bo‘yicha viloyat hokimlariga topshiriq berilgan.



