$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 4-fevral voqealari

Qora 4-fevral

 Toshkentdagi Riviera majmuasida farrosh ayol lift shaxtasida halok bo‘ldi

3-fevral kuni Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Riviera savdo majmuasida xodim lift toshlari qisib qolishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.

Soat 11:10 da binoda farrosh bo‘lib ishlovchi Sh. M. (1979 y.t.) liftning harakatlanish shaxtasidagi shisha oynalarni tozalash jarayonida lift eshiklari yopilib qolgan va lift tepaga qarab harakatlanishni boshlagan.

Shu vaqtda qurilmani harakatga keltiruvchi toshlar pastga, ya’ni Sh. M. turgan joyga qarab harakatlangan va uni qisib qolgan, tushuntirdi BP.

Aniqlanishicha, u Riviera savdo majmuasida 2020-yil avgustidan buyon ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Holat bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Toshkentda sobiq hokim yordamchisi 20 kishi nomiga kredit rasmiylashtirib, pulni ishlatib yuborgani aniqlandi

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi fuqarolar nomiga ko‘p miqdorda kredit ajratib kelgani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

M.F. 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

U kredit hisobidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan, ehtiyojmand oila a’zolarining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni tashkillashtirmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyatida “daraxtkush”lar tabiatga 412 mln. soʻmdan ortiq zarar yetkazdi

Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida shumtol daraxtini kesganlar tabiatga 412 million soʻmdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

 

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yangiyoʻl tumanida oʻtkazilgan navbatdagi ekologik nazorat tadbirida “Madaniyat” MFY hududida 4 tup shumtol (yasin) daraxti kesib tashlangani aniqlangan. Surishtiruvlar natijasida bu ishni Parkent tumanida tugʻilgan, 41 yoshli Oʻ.B. hamda 58 yoshli U.A. tomonidan sodir etgani aniqlangan.

Hisob-kitoblarga koʻra, bu orqali tabiatga 412 mln. soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan. Ushbu holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Toshkent Tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborilgan.

Uch hududda energiya resurslari va suv taʼminotidan qarzdorlikni “nol” qilib berishni vaʼda qilganlar ushlandi

Toshkent shahri, Andijon hamda Namangan viloyatlarida tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotidan qarzdorliklarni yoʻq qilib berishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Yangihayot tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda “Yangihayottumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi mahallada ishlash xizmati ustasi B.R. fuqaro A.A.ning xonadonida tabiiy gaz taʼminotidan 24 mln. soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Energosavdo” filiali Andijon boʻlinmasi elektromontyori F.P. norasmiy yordamchisi sifatida ishlatib kelgan tanishi A.A. bilan fuqaro Y.Y.ning xonadonida elektr taʼminotidan hisoblangan 5 mln. soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishlari evaziga 2,5 mln. soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Departamentning Davlatobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “N.S.T.” MChJ Yangi Namangan tumani boʻlimi nazoratchisi A.V. fuqaro M.A.ning xonadonida ichimlik suvi taʼminotidan 12 mln. soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berishi evaziga 2,6 mln. soʻm pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qarshida drift qilishga urinish oqibatida ikki yigit halok bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 19 yoshli ikki yigit YTH sabab vafot etdi. Bu haqda MY5 telekanalining “Hudud” informatsion dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, hodisa 30-yanvar kuni soat 17:00 lar atrofida shaharning Nasaf ko‘chasida sodir bo‘lgan. Nexia-3 rulida 19 yoshli yigit bo‘lgan. U ikki nafar do‘sti bilan birga avtomobilni boshqarib kelayotgan vaqtida drift qilishga uringan, biroq tezlikni to‘g‘ri baholay olmay boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Zarba kuchli bo‘lganidan avtomashina salonida bo‘lgan ikki nafar 19 yoshli yigit voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теги :
Jamiyat