$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 23-fevral voqealari

Qora 23-fevral

 Asakada tezlikni oshirgan Damas zovurga ag‘darildi

Kecha, 22-fevral kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida Damas mashinasi zovurga tushib, ag‘darilib ketdi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tumanning “Yangi obod” MFY hududidan o‘tgan D-105 “Farg‘ona halqa” avtomobil yo‘lining 168-kilometrida 25 yoshli haydovchi o‘zining Damas rusumli avtomashinasida “Asaka - Farg‘ona” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilmagan va oraliq masofani saqlamagan.

Oqibatda soat 23:00 da o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda chapga qayrilib olmoqchi bo‘lgan Nexia-3 avtomashinasining orqasidan borib urilgan. Buning oqibatida Damas haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi zovurga tushib, ag‘darilib ketgan.

Viloyat YHXBning yozishicha, ushbu YTHda tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q, avtomashinalar texnik shikastlangan.

Qashqadaryoda haydovchi YPX mashinasining oynalarini sindirdi

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida haydovchi ma’muriy jarimaga norozilik bildirib, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YPX) mashinasining oynalarini sindirdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2025-yil 9-fevral kuni Bo‘ston mahallasida sodir bo‘lgan. YPX inspektorlari davlat raqami bo‘lmagan mototransport vositasi harakatlanish mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtab turganini aniqlab, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Biroq bundan jahli chiqqan haydovchi mototransportining yukxonasida bo‘lgan lopatkani olib, YPX xizmatida foydalaniladigan “Lasetti” avtomobilining old va orqa oynalarini sindirgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilib, hujjatlar sudga taqdim etilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Captiva piyodalar yo‘lakchasida urib yuborgan fuqaro halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi yo‘l-transport hodisasida piyoda halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa 2025 yil 12 fevral kuni soat 23:20 larda M-39 Toshkent–Termiz avtomobil yo‘lining Termiz tumani Xalqobod mahallasidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan.

44 yoshli haydovchi Captiva mashinasini boshqarib kelib, piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 36 yoshli fuqaroni urib yuborgan.

Oqibatda fuqaro og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Ohangaron daryosidan qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida 3,5 mlrd. so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Toshkent viloyati Piskent tumanida fuqarolar tunda noqonuniy qum-shag‘al qazib olayotgani aniqladi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi.

Reyd davomida tuman hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron daryosining eski o‘zani bo‘yida yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmalari Howo yuk mashinasiga joylanayotgani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan tabiatga 3 mlrd 696 mln 204 ming so‘m zarar yetkazilgan. Transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarga huquqiy baho berish uchun prokuratura organiga yuborilgan.

Avvalroq Bekobod tumanida ham fuqarolar noqonuniy ravishda qum qazib olishi oqibatida tabiatga 100 mlrd. 627 mln. so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilgandi.

Toshkent viloyatida qariyb 2 mlrd. soʻmlik gazdan noqonuniy foydalanildi

Toshkent viloyati Zangiota tumanida 1,6 mlrd. soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi. Bu haqda “Hududgaztaʼminot” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat hududida gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz taʼminoti boʻlimi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Oʻzenergoinspeksiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan reydlarda qonunbuzilish holatlari aniqlanmoqda.

Shu kabi tadbirlardan birida Zangiota tumani “Istiqlol” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro K.B. oʻz xonadonida issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmogʻiga hisoblagichdan oldin oʻzboshimchalik bilan ulanib, 4 dona nostandart yondirgich orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.

Holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi va 1 milliard 684 million soʻmlik zarar hisoblangan.

Shuningdek, Qibray tumanining “Obod” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro T.R. xonadonida issiqxona tashkil qilib, hisoblagichdan tashqari tabiiy gaz quvuriga oʻzboshimchalik bilan ulanib, “zangori yoqilgʻi”dan noqonuniy foydalanib kelgani maʼlum boʻlgan.

Noqonuniy sarflangan tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan va 291 million 926 ming soʻmlik zarar aniqlangan.

Hozirda mazkur noqonuniy holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Теги :
Jamiyat