$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
icci

“Qora dayjest”: 2025-yil 22-fevral voqealari

Qora 22-fevral

 Toshkentda yer usti metrosi yaqinidagi avtomobillar yuvish joyi yonib ketdi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 21-fevral kuni kechki payt taxminan soat 22:02 da yer usti metrosi yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.

Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, yongʻin avtoyuvish shoxobchasi hududida sodir boʻlgan. Voqea joyiga tezkorlik bilan o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishgan: soat 22:14 da yong‘inni o‘chirishga kirishilib, 22:27 da yong‘inni lokalizatsiya qilishgan va soat 22:33 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Mutaxassislar yong‘in sabablari va moddiy zarar ko‘lamini o‘rganmoqda.

Farg‘onada to‘y korteji uyushtirgan “shovvozlar” qamaldi

Farg‘ona viloyatida yo‘l-harakati qoidalarini buzib, to‘y korteji uyushtirgan 14 nafar kuyovjo‘raga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ular joriy yilning 14 fevral kuni viloyatning Toshloq tumani Yangiyo‘l mahallasida yo‘lning qatnov qismida to‘y korteji uyushtirgan. 14 nafar kuyovjo‘ra yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, harakatlanayotgan boshqa ishtirokchilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Mazkur holat yuzasidan tartibbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik ) bilan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudiga qonuniy qaror qabul qilish uchun yuborilgan. Sud 14 nafar huquqbuzarga 3,5,7 sutkagacha bo‘lgan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Andijonda 4 ta mashina ishtirokida YTH yuz berdi

Andijon viloyatida 21-fevral kuni toʻrtta mashina ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Viloyat YHXB holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 21-fevral kuni soat 22:10 larda Andijon tumani “Ming oʻrik” MFY hududida sodir boʻlgan. Asaka—Andijon yoʻnalishi boʻylab katta tezlikda harakatlanib kelayotgan “Nexia-3” oraliq masofani saqlamasdan oʻzidan oldinda, chorrahadan ortga qayrilib olmoqchi boʻlgan boshqa bir “Nexia-3”ning orqasidan borib urilgan.

Zarba oqibatida rul boshqaruvini yoʻqotgan “Nexia-3” qarama-qarshi tomondan chiqib ketib, “Labo” hamda SWM G01 rusumli avtomashinalar bilan toʻqnashib, yoʻl-transport hodisasi sodir etgan.

YHXBga koʻra, ushbu YTH oqibatida tan jarohati olib, shahar shifoxonasiga murojaat qilgan shaxslar bor.

Toshkentdagi oshxonalardan birida yongʻin yuz berdi

Toshkentdagi oshxonalardan birida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 22-fevral kuni soat 16:44 da Chilonzor tumanining Bunyodkor shohkoʻchasida joylashgan yengil konstruksiyadan qurilgan oshxonada yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida FVBga xabar kelib tushgan.

Yongʻin qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga soat 16:46 da yetib borib, yongʻinni 16:52 da qurshab olgan va soat 16:56 da toʻliq oʻchirgan.

Shahar FVB hodisa oqibatida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar yoʻqligi, ayni vaqtda yongʻinning kelib chiqish sababi hamda moddiy zarar miqdori aniqlanayotganini maʼlum qildi.

Toshkentdan Vyetnamga parvoz deyarli bir kunga kechiktirildi

22-fevralga o‘tar kechasi Toshkentdan Fukuokga uchishi rejalashtirilgan 9S-1021 reysi 21-fevral kuni soat 23:55 da jo‘nashi kerak edi, biroq texnik sabablarga ko‘ra kechiktirildi, deb yozmoqda aviakompaniya matbuot xizmati.

“Uchish vaqtida ekipaj shassi tebranishini sezib, xavfsizlik qoidalariga muvofiq, to‘g‘ri va professional qaror qabul qilib, parvozni to‘xtatdi. Samolyot terminalga qaytarilib, muhandislar tomonidan batafsil tekshiruvdan o‘tkazildi”, – deyiladi xabarda.

Tekshiruv natijasida muayyan detallarning almashtirilishi zarur ekani aniqlandi va hozirda ushbu ishlar amalga oshirilmoqda. Nosozlik bartaraf etilgach, samolyot qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Aviatsiya qoidalariga muvofiq, yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan. Taxminiy jo‘nash vaqti esa – 22-fevral, soat 22:00 (mahalliy vaqt)ga rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat