$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
Agro

“Qora dayjest”: 2025-yil 21-fevral voqealari

Qora 21-fevral

Shahrixondagi shaxobchada sodir bo‘lgan portlash yuzasidan munosabat bildirildi

20-fevral kuni tarmoqlarda metan balonga propan quyganligi uchun balon portab, moshina yonib ketganligi to’g’risidagi xabarlar keng tarqaldi. Andijon Viloyati FVB axborot xizmati hodisa yuzasidan munosabat bildirdi.

Boshqarmaga ko’ra, 20-fevral kuni soat 18:02da Shahrixon tumani Yangi Naynavo MFY hududida joylashgan Avtomobillarga gaz quyish shaxobchasida (propan) havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo’lganligi haqida Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgan, soat 18:13da voqea joyiga YoQElari yetib borishgan.

Hodisa oqibatida yong’in kelib chiqmaganligi ma’lum bo‘lgan.

Havo-gaz aralashmasi chaqnashi natijasida Avtomobillarga gaz quyish shaxobchasi hududida bo‘lgan 2 nafar fuqaro tan jarohati olgan, hozirda ularga Markaziy shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hodisaning sodir bo’lish omillari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Sirdaryoda fuqaro Qizil kitobga kiritilgan kalxatni noqonuniy ravishda uyida saqlagan

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashovchi fuqaro O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qora kalxatni uyida saqlagan, deya xabar beradi Ekologiya vazirligining matbuot xizmati.

Ekologlar “Laylakko‘l” mahallasida o‘tkazilgan reyd davomida yirtqich qushning noqonuniy boqilayotganini aniqlagan. Fuqaro Ya.A.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, unga 1 million 875 ming so‘m miqdorida jarima solingan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, qora kalxat tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, shundan so‘ng u o‘z tabiiy muhitiga qo‘yib yuboriladi.

Fuqaro mansabdor tanishlari orqali 32 gektar yerni xaridorga 2,4 million AQSh dollarga sotmoqchi boʻldi

Oʻzbekistonda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir qator noqonuniy yer savdosi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, aybdor shaxslar qoʻlga olindi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Ohangaron tumanida joylashgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 32 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2 million 400 ming AQSh dollari talab qilgan.

Ushbu shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida oldindan 500 ming AQSh dollarini olgan vaqtda DXXning Toshkent shahar boshqarmasi, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Oʻzbekiston xalq artisti Nafisa Toʻxtayeva 83 yoshida vafot etdi

Oʻzbekiston xalq artisti, mashhur maqom ijrochisi Nafisa Toʻxtayeva 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Nafisa Toʻxtayeva Oʻzbekiston Davlat filarmoniyasida, Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblida xonanda sifatida ijod qilib, 50 dan ortiq mumtoz musiqa namunalarini “Oltin fond”ga muhrlagan. Uning ijrosidagi “Saraxbori Oromijon”, “Qashqachai Savti Sabo”, “Ey Nazokat” kabi kuylar xalqimiz maʼnaviy merosining durdonalariga aylangan.

Fargʻonada “Nexia-3”ni yuk poyezdi urib ketdi

Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida temiryoʻlni kesib oʻtayotgan Nexia-3 ni yuk poyezdi urib yubordi. Hodisa yuzasidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19-fevral kuni soat 22:30 larda Oxunboboyev va Margʻilon bekatlari oraligʻida “Nexia-3” rusumli avtomobil harakatlanib kelayotgan poyezd tagida qolgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, haydovchi yoʻl harakati qoidalarini buzib, poyezdni “ilon izi” usulida aylanib oʻtishga uringan.

Hodisa oqibatida 38 yoshli haydovchi A.Y. bosh va qoʻl qismidan yengil jarohat olgan va Margʻilon shahar Tez tibbiy yordam markaziga yuborilgan. Avtomobil texnik shikastlangan.

Hodisa sodir boʻlgan joyga transportda xavfsizlikni taʼminlash xizmati xodimlari va temir yoʻl mutaxassislari darhol yetib borgan va voqea tafsilotlarini koʻzdan kechirgan.

Ayni paytda Fargʻona viloyati transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Теги :
Jamiyat