$
 12970.19
-11.06
 13572.01
-25.85
 142.20
0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 15-fevral voqealari

Qora 15-yanvar

 Farg‘onada o‘g‘ri uni sezib qolgan ayolni bolalarining ko‘z oldida o‘ldirdi

Farg‘ona shahrida internet o‘yinlarida qarz bo‘lib, o‘g‘rilikka tushgan va qotillik qilgan 25 yoshli erkak qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 1999-yilda tug‘ilgan erkak internetdagi o‘yin uchun qarz olib, uni vaqtida qaytara olmagan va uyi atrofidagi xonadonga o‘g‘irlikka tushgan. O‘g‘irlik paytida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan uxlayotgan ayol uyg‘onib ketgan va erkak o‘zi bilan olib kelgan o‘tkir tig‘li jism bilan ayolni o‘ldirgan.

Bildirilishicha, erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j” bandi va 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Namanganda fuqaro taqiqlangan usulda baliq ovlab, tabiatga 225 mln. so‘m zarar yetkazdi

Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tezkor guruhi tomonidan navbatdagi tungi reyd tadbiri o‘tkazildi.

Pop hududida o‘tkazilgan reyd tadbirida huquqbuzar I. A. taqiqlangan usulda baliq ovlab, olib chiqib ketayotgan vaqtida boshqarma va tuman inspektorlari tomonidan qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan fuqarodan tushuntirish xati olinib, unga nisbatan dalolatnoma va maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, I. A. hayvonot dunyosiga 225 million so‘m miqdorda zarar yetkazganligi aniqlandi.

Holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi.

Samarqandda 1,8 mlrd. so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgan shaxslar ushlandi

Samarqand shahrida 1,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlagan mayning ferma aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahridagi “S.M.” oilaviy korxonasi rahbari A.I. va korxonaga qarashli mebel sexi ustasi A.N. lar mebel sexini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulagan holda noqonuniy mayning faoliyati bilan shug‘ullanishi oqibatida 1,8 mlrd. so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan I.A. va A.N. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkentda voyaga yetmagan qizni mehmonxonaga olib borib, unga shilqimlik qilgan va jarohat yetkazgan erkak qamaldi

2025-yil 13-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Olmazor tumani sudida voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak ustidan sud bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilishicha, 1998-yilda tug‘ilgan A.G‘. 2024-yil 28-sentabr kuni tanishi — 2007-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni Olmazor tumanidagi mehmonxonaga olib borib, shahvoniy harakatlar sodir etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining 2024-yil 22-oktabrdagi xulosasiga ko‘ra, qizga yengil jarohat yetkazilgan.

Sudda huquqbuzar A.G‘. yuqoridagi holatlarni tasdiqladi, ammo qizning voyaga yetmaganini bilmagani, qolaversa, qiz mehmonxonaga o‘z xohishi bilan borganini bildirdi. U, shuningdek, yomon niyati bo‘lmagani, qilgan ishidan pushaymonligi, oilaviy va moddiy sharoitini inobatga olib, yengillik berishni so‘radi.

Sud A.G‘.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi (Shahvoniy shilqimlik) va 52-moddasi 2-qismi (Qasddan yengil tan jarohati yetkazish)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topdi.

Hukm o‘laroq ayblanuvchiga 5 sutka ma’muriy qamoq va bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari, ya’ni 750 000 so‘m jarima tayinlandi. Jazosini o‘tash 13-fevraldan boshlab hisoblangan.

Toshkentda yashirin narkolaboratoriya fosh qilindi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga karshi kurashish boshkarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi Tezkor kidiruv departamenti xodimlaridan iborat maxsus tezkor gurux tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni respublikamizga olib kirish va tarqatish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning Toshkent shahar Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tayyorlashga mo‘ljallangan yashirin narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi.

Mazkur xonadonda hamda poytaxtning Uchtepa tumani va Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xonadonlarda pregabalin, tropikamid, trilon kabi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, ularni tayyorlashda foydalaniladigan prekursorlar, qayta ishlash va taqsimlashga mo‘ljallangan tarozi, kolba, mikser kabi laboratoriya jihozlari, dorilarni solishga mo‘ljallangan plastik bo‘sh idishlar borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida yashirin “narkolaboratoriya”dan jami og‘irligi 19 kg 225 gr “pregabalin”, 2 kg 960 gr “tropikamid”, 1,2 kg “trilon” kuchli ta’sir qiluvchi moddalari, 20 litr xlorid kislotasi, 19 nomdagi 1746 dona laboratoriya uskuna va jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib ko‘yildi.

Теги :
Jamiyat