$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 14-fevral voqealari

Qora 14-fevral

 Ikki viloyatda isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarilishiga chek qoʻyildi

Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Koʻkdala tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda fuqaro X.B. “Suvliq” MFY hududidagi xonadonining yordamchi xoʻjaligida yasama juvoz uskunasini oʻrnatib, yogʻ mahsuloti ishlab chiqarayotganligi aniqlangan.

Tadbir jarayonida juvoz uskunasi, 165 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Oqdaryo tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda fuqaro Sh.O. “Galaravot” MFY hududidagi xonadonida yogʻ mahsuloti ishlab chiqarayotganligi aniqlanib, undan juvoz uskunasi, isteʼmolga yaroqsiz yogʻ, 846 kg chigit va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Toshkent viloyatida qum qazib olganlar tabiatga 100,6 mlrd. so‘mdan ortiq zarar yetkazdi

Toshkent viloyati Bekobod tumanida fuqarolar tabiatga 100 mlrd. so‘mdan ortiq zarar yetkazgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Qayd etilishicha, tumanning Farhod mahallasida fuqarolar noqonuniy ravishda qum qazib olgan. Holat yuzasidan o‘rganish olib borilganda, tabiatga 100 mlrd. 627 mln 800 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi, deyiladi xabarda.

Sirdaryoda o‘quvchilardan birining onasi o‘qituvchiga tarsaki tushirdi

Sirdaryo tumanidagi 1-sonli maktabda bir ayolning sinf xonasida o‘qituvchiga tarsaki tushirgani aks etgan videolar bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, holat vazirlik tomonidan nazoratga olingan.

“Sirdaryo viloyati MMTB ishchi guruhi o‘rganmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra tez orada jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, – deyiladi xabarda.

Tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda qora kiyimdagi ayol sinf xonasida o‘qituvchining bo‘ynidan olib, undan xonadan chiqib ketishini talab qilgan va yuziga tarsaki tushirgani aks etgan.

X’dagi sahifasida ushbu videoni ulashgan tarmoq foydalanuvchisi pedagog o‘quvchilardan birini uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani va shu sababli uning onasi o‘qituvchi bilan janjallashgani haqida izoh qoldirgan.

Oʻzbekistonliklar qor koʻchkisi xavfidan ogohlantirildi

Toshkent va Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi eʼlon qilindi, deya xabar berdi Oʻzgidromet.

Sinoptiklarning taʼkidlashicha, 15-18-fevral kunlari togʻlarda yogʻingarchilik va havo haroratining oʻzgarishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan Toshkent viloyatining Ohangaron, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida (Chotqol togʻ tizmasi) hamda Namangan viloyatining Pop tumanida qor koʻchishi xavfi eʼlon qilinadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan ehtiyot choralarini koʻrishni soʻradi. Shuningdek, davlat tuzilmasi “Ehtiyot boʻling, qor koʻchkisi xavfi” yozuvli taqiqlangan hududlarga kirmaslikni qatʼiy tavsiya qildi.

Теги :
Jamiyat