$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2025-yil 13-fevral voqealari

Qora 13-fevral

Samarkandda tadbirkorlarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

Samarqand viloyati, Toyloq tumanida tadbirkorlar 760 mln. va 767 mln. so‘mlik tabiiy gazni noqonuniy ishlatgani aniqlandi.

Huquq-tartibot organlari o‘tkazgan tekshiruv davomida “E.L” xususiy korxonasi rahbari Sh.L. va “Hududgazta’minot” xodimi D.Yu. til biriktirib, nonga ishlatiladigan gaz tarmog‘ini o‘zboshimchalik bilan ulagani ma’lum bo‘ldi. Shu kabi, “S.Sh” oilaviy korxonasi rahbari M.H. ham gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish orqali yirik miqdorda gazdan foydalangani fosh etildi.

Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar hibsga olindi.

Namanganda qora Gentra haydovchisi piyodani urib, hodisa joyidan yashirindi

Namangan shahrida qora rangli Gentra haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, voqea joyidan yashiringan. Jabrlanuvchi — 1958-yilda tug‘ilgan fuqaro olgan og‘ir tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa 11-fevral kuni soat 06:40 larda Amir Temur ko‘chasida sodir bo‘lgan. Hozirda noma’lum haydovchini aniqlash va qo‘lga olish maqsadida tergov ishlari olib borilmoqda. Namangan shahar Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi va 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Jinoyatchini topish maqsadida viloyatda harakatlanayotgan barcha qora rangli Gentra avtomobillari mutaxassislar tomonidan tekshirilmoqda. Haydovchilar tekshiruv yakunlangandan so‘ng avtomobillarini qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Samarqandda “zapravka” 553 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi

Samarqandda viloyati Pastdarg‘om tumanidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi 553 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalangani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Samarqand viloyatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlarida Pastdarg‘omdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi (Ch.F.B MCHJ) elektr tarmog‘iga hisoblagichsiz ulanib, 204 ming kVt⋅soat energiya sarflaganligi aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha qayta hisob-kitob o‘tkazildi.

Shuningdek, 3–7-fevral kunlari o‘tkazilgan tadbirlar davomida 20 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 1 mlrd. 866 mln. so‘mdan ortiq zarar undirilgan.

Toshkentda maktab qarshisida Nexia-3 o‘quvchini urib ketdi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida 11-fevral kuni maktab o‘quvchisi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi shahar YHXB matbuot xizmati.

Soat 12:20 larda 260-sonli umumta’lim maktabi qarshisida haydovchi B.Z. (1993 y.t.) Nexia-3 mashinasida voyaga yetmagan piyoda S.S.ni (2015 y.t.) urib yuborgan.

YTH oqibatida o‘quvchi jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Holat haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan Telegram’dagi “Yunusobodliklar 24” kanalining yozishicha, 3-sinf o‘quvchisining oyog‘i singan. Muallif bu 260-maktab yaqinidagi birinchi YTH emasligini, o‘tgan yili ham mashina ikki o‘quvchi qizni urib ketganini bildirdi va mas’ullardan vaziyatni nazorat ostiga olishni so‘radi.

Buxoro viloyatidagi uyda gaz portladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi uyda gaz portlagan holat aks etgan video tarqaldi.

Unda uyning ichidan odam yongan holda yugurib chiqqanini ko‘rish mumkin. Hodisa oqibatida uyning bir qismi qulab tushgan.

Viloyat FVB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 12-fevral kuni soat 22:40 larda viloyat IIBdan olingan xabarga ko‘ra, shu kuni taxminan soat 22:00 larda G‘ijduvon tumani “Guliston” MFYdagi aholi xonadonida chaqnash sodir bo‘lgan. Voqeaning taxminiy sababi fuqaroning yashash uyida gaz sizib chiqib to‘planishi hamda chiroqni yoqishi oqibatida havo gaz aralashmasi chaqnagan.

“Hodisa oqibatida yong‘in yuzaga kelmagan, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q”, deyiladi xabarda.

Теги :
Jamiyat