$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 6-may voqealari

Qora 6-may

Jarlikka tushib ketgan cho‘pon

Navoiy viloyati FVBga Nurota tumani hududidagi “Oq tog‘” tog‘ tizmalariga fuqaro chorva mollarini boqish maqsadida borib, jarlikka tushib ketgani va unga yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan. Xabarga asosan, zudlik bilan hodisa joyiga FVB qutqaruvchilari yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.

Qayd etilishicha, tezkor harakatlar natijasida fuqaro jarohat bilan topilib, unga psixologik va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida xavfsiz joyga olib chiqilgan. Shuningdek, malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yuborilgan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha hozirda uning ahvoli yaxshi.

Bank boshlig‘i o‘marilgan pulga uy va “Malibu” sotib olgan

Namangandagi tijorat bankining Yangiqo‘rg‘on bank xizmatlari ofisi boshlig‘i D.Sh. kassa xodimlari M.A. va O.T. ga filial kassasidagi 1,5 mlrd so‘mni go‘yoki Buvayda bank xizmatlari markaziga madad puli sifatida yuborishini aytib, hech qanday hujjatsiz olib chiqib ketgan va ushbu pullar hisobidan Chust tumani, “Guliston” MFY hududida qurilgan ko‘p qavatli uydan 3-xonali xonadon hamda “Malibu” rusumli avtotransport vositasini xarid qilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Kuchli magnit bo‘roni

6-mayga o‘tar kechasi Yerga magnit bo‘roni yopirildi.

Meteorologlarning ma’lumotiga ko‘ra, kuchsizdan o‘rtachagacha (G1-G2 toifa) bo‘lgan magnit bo‘roni soat 15-16 gacha (O‘zbekiston vaqti bilan) davom etadi.

Kuchsiz bo‘ron ham meteosezuvchanligi yuqori odamlarga ta’sir qilishi — bosh og‘rig‘i, qon bosimi va yurak urishi o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, deyishmoqda mutaxassislar.

Bog‘chada bola qo‘liga igna tiqilgani yuzasidan tekshiruv boshlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Bog‘cha opa tomonidan bola kaltaklanib qo‘liga igna tiqildi” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat nazoratga olinganini xabar qildi.

 

Aniqlanishicha, videodagi holat 2023-yilning noyabr oyida Gurlan tumanidagi 23-sonli bog‘chada sodir etilgan bo‘lib, ushbu bog‘chada tarbiyachi bo‘lib ishlovchi F.S. bog‘cha tarbiyalanuvchilari M.X., T.Sh.ning (2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar) go‘yoki bir-biri bilan urishgani vaji bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan va bolalar yuziga bir necha bor tarsaki tushirgan. Bu holat videotasvirga tushgan.

Mazkur holatni, shuningdek, bolaning qo‘liga igna qay tarzda kirganini aniqlash yuzasidan hozirda Gurlan tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib boshlangan.

“Spark” va “Matiz” o‘rtasida YTH

Chilonzor tumanida “Spark” va “Matiz” ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yilning 4-may kuni soat 12:50 lar atrofida Chilonzor tumani KHAY ko‘chasi 104-uy qarshisida 2 ta avtomashina ishtirokida YTH yuz bergan. 2003-yilda tug‘ilgan A.Yu. boshqaruvida bo‘lgan “Spark” 1985-yilda tug‘ilgan J.Y. boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida Spark avtomashinasi haydovchisi tan jarohati olgan.

Qaynukasining xotiniga shilqimlik qilgan erkakka chora ko‘rildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi fuqaro S.X. 2-may kuni mast holda qaynukasining turmush o‘rtog‘iga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi.

Aytilishicha, sud majlisida 50 yoshli fuqaro S.X. 2-may kuni soat 14:00 larda mast holda qaynukasining turmush o‘rtog‘i L.Sh.ga teginib shahvoniy shilqimlik qilgan. Jabrlanuvchi L.Sh.ning bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, huquqbuzar S.X. avval ham bir necha bor mast holda har xil nojo‘ya harakatlar qilgan.

Теги :
Жамият