“Qora dayjest”: 2024-yil 5-may voqealari
Namanganda 3,7 magnitudali zilzila, poyezd urib ketgan 8 yoshli qiz, Chevrolet avtomobillarini ochiq osmonda saqlab, jarimaga tortilgan diller — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda 3,7 magnitudali zilzila
Namangan viloyatida 5-may kuni soat 13:16 da 3,7 magnitudali zilzila qayd etildi.
FVV Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining xabar qilishicha, 14 kilometr chuqurlikdagi zilzila episentri Kosonsoy tumanida bo‘lgan.
Zilzila kuchi quyidagi hududlarda sezilgan:
- Kosonsoy tumanida 3 ball,
- Yangiqo‘rg‘on tumanida 2-3 ball,
- Chortoq tumanida 2 ball,
- Namangan shahrida 2 ball,
- To‘raqo‘rg‘on tumanida 2 ball.
Andijonda 8 yoshli qizaloqni poyezd urib ketdi
Andijon viloyatida 8 yoshli qizaloqni poyezd urib yubordi. Bu haqda “Bu kun” informatsion dasturida xabar berildi.
Qayd etilishicha, ushbu baxtsiz hodisa 28 aprel kuni soat taxminan 16:30 larda Andijon tumanining “Do‘ngqishloq” mahallasi hududidan o‘tuvchi Xonobod–Andijon temir yo‘lida sodir bo‘lgan. Poyezd harakatlanayotgan vaqtida nazoratsiz qoldirilgan 2016 yilda tug‘ilgan qizaloqni urib ketgan.
Hodisa sabab qiz bosh qismidan jarohat olib, hushsiz holatda shifoxonaga yetkazilgan. Jarrohlik amaliyoti ko‘rsatilishiga qaramay, uning ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.
Chori baxshi Umirov 86 yoshda vafot etdi
Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekiston xalq baxshisi Chori Umirov yarim asrdan ziyod vaqt davomida oʻzining sehrli ovozi va sozi bilan el olqishiga sazovor boʻlgan baxshi sifatida Sherobod dostonchilik maktabiga mansub yosh baxshilarga oʻz ijodidagi dostonlarni oʻrgatib, ustozlik qilib kelmoqda edi.
Maʼlumot oʻrnida, xalqimizning anʼanaviy baxshichilik sanʼatini rivojlantirishda jonkuyarlik bilan qilgan xizmatlari uchun 2017-yili davlatimiz tomonidan Chori baxshi Umirovga “Oʻzbekiston Xalq baxshisi” unvoni berilgan.
Chevrolet avtomobillarini ochiq osmon ostida saqlagan dilerga chora koʻrildi
Ijtimoiy tarmoqlarda ochiq osmon ostida Chevrolet avtomobillari saqlanayotgani aks etgan video tarqaldi.
Maʼlum boʻlishicha, video Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi diler hududida tasvirga olingan boʻlib, holat yuzasidan 2 hafta oldin chora koʻrilgan.
Ushbu avtomobillar dilerga avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha mijozlarga tarqatish uchun yetkazib berilgan. Yangi avtomobillarni saqlash talabini buzgani uchun kompaniya tomonidan dilerga nisbatan allaqachon zaruriy choralar koʻrilgan va bu boʻyicha unga jarima sanksiyasi qoʻllanilgan.



