“Qora dayjest”: 2024-yil 9-aprel voqealari
Yuk mashinalariga cheklov, qo‘lga tushgan ikki nafar "zakladchik", buyrakni 4 ming dollarga pullagan shaxs, o‘quvchini tarsakilagan o‘qituvchi, 5 ming dollar bilan ushlangan tergovchi — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Yuk mashinalarining Toshkentga kirishi vaqtincha cheklandi
Ramazon hayiti munosabati bilan poytaxtda xavfsizlik choralarini ko‘rish maqsadida joriy yilning 9 aprel kuni soat 17:00 dan 10 aprel soat 17:00 gacha Toshkent shahriga yuk avtomashinalarining kirishi va shaharda yuk avtomashinalarining harakatlanishi to‘liq cheklanadi. Ta’kidlanishicha, ushbu cheklovdan avariya-qutqaruv xizmatlari mashinalari va maxsus transport vositalari mustasno.
Ikki nafar "zakladchik" qo‘lga tushdi
Toshkent viloyati IIBB o‘tkazgan giyohvandlik hamda kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop va sintetik dori vositalarining aylanmasiga qarshi kurashish doirasida o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlarining birida ikki nafar yigit qo‘lga olindi. Viloyat IIBBning ma’lum qilishicha, Yuqori Chirchiq tumanida tungi xizmatga jalb qilingan Patrul-post xizmati xodimlari va hududiy profilaktika inspektori tomonidan «Jumabozor» hududida shubhali ko‘ringan 2000-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs (A.S. va S.J) to‘xtatib tekshirilgan. Natijada ushbu shaxslarning yonidan 28 dona qizil polietilen paketlarda qadoqlangan tarkibida faol giyohvand modda bo‘lgan sintetik vositalar borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan. O‘rganishlar davomida ular giyohvandlik vositalarni belgilangan joylarga yashirib, joylashuv manzilini mobil telefonlari orqali suratga olib buyurtmachiga yuborishlari ma’lum bo‘lgan.
Inson buyragini 4 mingga pullayotgan shaxs ushlandi
Namangan viloyatida inson buyragini 4 ming AQSH dollariga pullamoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi. Aniqlanishicha, viloyatning Kosonsoy tumanida yashovchi shaxs Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro bilan gaplashib, uning bir buyragini sotib berishga kelishgan. Kelishuvga ko‘ra, ular Tojikistonga borishi va jarrohlik amaliyoti o‘sha yerda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan. U buyrak evaziga 4 ming AQsh dollari berishini aytgan. Ushbu shaxs fuqaroni qalbaki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlar bilan Toshkentga olib kelayotgan vaqtida Namangan viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
O‘quvchiga tarsaki tushirgan o‘qituvchi ishdan olindi
Bolalar ombudsmaniga Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi D.M. dan murojaat kelib tushgan. Murojaatda D.M. voyaga yetmagan farzandi O.T. (7-sinf o‘quvchisi, o‘g‘il bola) 2023 yilning 26 dekabr kuni farzandi tahsil oladigan maktab o‘qituvchisi S.M. bolaning yuz qismiga bir necha bor tarsaki urib, uni turli nomaqbul so‘zlar bilan haqorat qilganini bildirgan. Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri mazkur holatni o‘rgandi. Jizzax viloyati Zomin tumani MMT bo‘limining tegishli mutaxassislari tomonidan holat o‘rganilib, mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorining buyrug‘iga asosan S.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Tergovchi 5 ming dollar bilan ushlandi
Joriy yilning 8 aprel kuni soat 16:10 atrofida Qashqadaryo viloyati prokuraturasi DXX viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi pora bilan ushlandi. Unga ko‘ra, Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha aybdor shaxsga nisbatan yengillik qilib berish evaziga 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.



