$
 12683.99
35.87
 13647.97
25.94
 139.24
0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-aprel voqealari

Qora 27-aprel

Instagramdagi qiz aslida “o‘g‘il bola” bo‘lib chiqdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida maktab o‘quvchilarining sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarini tarqatmaslik uchun pul talab qilgan shaxs ushlandi. Qayd etilishicha, Nukus shahrida yashovchi K.R. va P.L. ismi ikki ayol IIOga murojaat qilib, “aiaulim.04.04” nomli profil egasi voyaga yetmagan maktab o‘quvchilarining sir saqlanishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitib, ulardan pul talab qilayotganini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Nukus shahrida yashovchi 27 yoshli J.A. sodir etgani aniqlangan. Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan J.A., voyaga yetmagan jabrlanuvchilar S.A. va Y.Y. ismli qizlarga o‘zini qiz bola sifatida tanishtirib, ularning ishonchiga kirish orqali bir nechta sir saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy fotosurat va videolarini qo‘lga kiritgan. Shundan keyin ularni tarqatish bilan qo‘rqitib, evaziga 300 dollar miqdorida pul talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

9-sinf o‘quvchisi boshqaruvidagi “Matiz” YTHga uchradi

Navoiyda bolalar o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi.

Manbaga ko‘ra, YTHga uchragan bolalar Navoiy shahridagi 11-sonli hamda Karmana tumanidagi 5- va 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari bo‘lgan. 8- va 9-sinfda o‘qiydigan 3 nafar bola 23 aprel kuni o‘zlariga begona bo‘lgan fuqaroning Matiz mashinasini olib, Nurota tumaniga sayohatga borgan. Mashinani haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, voyaga yetmagan bolalarning o‘zlari boshqargan.

Ular ortga qaytishda ruldagi o‘quvchi boshqaruvni yo‘qotgan va YTH sodir bo‘lgan. Buning oqibatida 2 o‘quvchi voqea joyida halok bo‘lgan. Uchinchi o‘quvchi esa og‘ir tan jarohati bilan Karmana tumani markaziy shifoxonasiga keltirilgan. Hozirda u ham jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.

Yagona portal ogohlantirish bilan chiqdi

Telegram tarmog‘i orqali tanishlaringizdan yoki begonalardan yuqoridagi kabi “dasturni o‘rnatsangiz 2 mln so‘m pul olasiz” mazmunidagi xabarlar kelsa, aslo ishonmang, deyiladi ogohlantirishda.

 

Qayd etilishicha, mazkur xabarlar mutlaqo asossiz bo‘lib, firibgarlar bu usuldan g‘arazli maqsadlarda foydalanishlari mumkin.

Bunday ilovalarni hech qachon ochib ko‘rmaslik tavsiya etiladi.

My.gov.uz ilovasini faqat rasmiy marketpleyslardan (Google Play Store va Apple App Store) yuklab olish mumkinligini, ilova boshqa yo‘llar orqali tarqatilmasligi aytiladi.

Shuningdek, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) haqidagi ishonchli ma’lumotlarni faqat uning rasmiy sahifalaridan olish mumkinligi eslatiladi. 

Iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.B. va Sh.S. Qarshi tumani, “Bog‘obod” mahallasi hududidagi omborxonani ijaraga olib, “Russkaya”, “Zerno” va “Kolos” nomli qalbaki aksiz markali jami 2 491 dona iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlanib, ushbu alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

83 kishining nomiga kredit olgan ayol

Toshkent shahrida 40 yoshli ayol firibgarlik yo‘li bilan 83 kishining nomiga kredit evaziga mahsulotlarni xarid qilgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ayol o‘z jinoyatlarini 1995 va 1996-yillarda tug‘ilgan ikki sudlanuvchi yigit bilan birga sodir etgan. Ish hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayol shu vaqtgacha 12 marta sudlangan.

“Fuqarolarning nomiga kredit olish bilan shug‘ullanganman. Jinoyat sodir etganimni tan olaman”, deydi sudlanuvchi ayol.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2023-yil 26-dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘yish yo‘li bilan ayol 5 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Sudlanuvchi yigitlarning har biriga esa 5 yil-u 6 oy muddatga qamoq jazosi tayinlandi.

Теги :
Жамият