"Qora dayjest": 2024-yil 8-mart voqealari
Qo‘lga olingan 20 yoshli bola, soxta Milliy gvardiya xodimi, 6 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi — kunning "qora" xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 20 yoshli bola qo‘lga olindi
Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanida yashovchi 35 yoshli R.D. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 43.200.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahri, Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli N.A. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan N.A. internet foydalanuvchilariga Telegram messenjeri orqali turli xil mazmunlardagi xabarlar (havola) jo‘natib, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritish orqali bank kartalarida saqlangan pullarni o‘g‘irlab, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Soxta Milliy gvardiya xodimi qo‘lga tushdi
5-mart kuni soat 15:30lar atrofida Guliston shahridagi 8-maktabda yangi tizim asosida ishlayotgan qorovul maktabga kirish joyida Milliy gvardiya kiyimidagi yosh yigitni shubha uyg‘otgani uchun to‘xtatgan.
Idora matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u soxta guvohnoma ko‘rsatib, maktabga kirishi kerakligini aytgan. Maktab ma’muriyati esa bu shaxsni avval uchratmaganliklari va u maktabga biriktirilmaganini bildirgan.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida bu shaxs Guliston shahrida joylashgan 16-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi U.X. ekani aniqlangan. Undan Milliy gvardiya xizmat kiyimi va soxta guvohnomasi olib qo‘yilgan.
Aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi tomonidan soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar F.X. va S.I. Hamid Olimjon ko‘chasi 10-uy oldida hech qanday hujjatsiz tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelganliklari aniqlanib, ularning yonidan umumiy bahosi 280,2 mln so‘mlik jami 3 918 quti xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
6 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi
2024-yil 8-14-mart kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik hamda havo haroratining o‘zgarishlari sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.
Jumladan:
- Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;
- Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;
- Samarqand viloyati: Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;
- Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;
- Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron, tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);
- Namangan viloyati: Pop tumanida qor ko‘chish xavfi bor.



