"Qora dayjest": 2024-yil 6-mart voqealari
Maktabga bolta ko'tarib kelgan shaxs, tug'ruqxonani "foxishaxona"ga aylantirgan ayol, o'quvchining boshini yorgan o'qituvchi, imtiyozli kreditni "tuya" qilganlar — kunning "qora" xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Imtiyozli kreditni o'zlashtirganlar
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.Z.” MCHJ raxbari N.B. hududdagi 15 ta xonadonda oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish hamda ularning bandligini ta’minlash maqsadida tijorat banki filialidan ajratilgan 500 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan uskuna va xom-ashyolarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Qo'shmachi ayol ushlandi
Joriy yilning 27-fevral kuni soat taxminan 19:00 atrofida Shofirkon tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning Savrak mahallasida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan ayol o‘zi ishlaydigan Qalmanoq mahallasida joylashgan tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limining xonalaridan birida bir erkak va ayolning jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib berib, buning evaziga 200 ming so‘m olib, fohishaxona tashkil etgani fosh qilindi.
"Alkash" o'tinchi
4 mart kuni soat 15:40 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtko‘pir tumani Dao‘ir mahallasida joylashgan 4-sonli maktabga S.D ismli shaxs mast holatda bolta ko'tarib kelayotganda to'xtatib qolindi. Taxtako‘pir tumanida yashovchi 45 yoshli ushbu shaxs mazkur maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan turmush o‘rtog‘i R.B.ni ko‘rishga kelgani va gaplashib ketmoqchi ekanligini, qo‘lidagi boltani esa o‘tin chopish oldidan o‘tkirlatishga olib chiqqanini maʼlum qilgan.
Mushtumzo'r o'qituvchi
5 mart kuni Marg‘ilon shahar 29 umumiy o‘rta ta’lim maktabining 24 yoshli ingliz tili o‘qituvchisi 5 “D” sinfiga dars o‘tayotgan bo‘lgan. Shu sinfning 12 yoshli o‘quvchisi U.J. hojatxonaga chiqib kelishni so‘ragan, o‘qituvchi javob bermagan. Bola zarurat yuzasidan sinfdan chiqqan va birozdan keyin qaytgach, o‘qituvchi uning ruxsatsiz harakatidan va gaplashib o‘tirishidan jahli chiqib o‘z qo‘l telefonini o‘quvchiga qarata otgan. Telefon U.J.ga tegib, oqibatda uning bosh qismi yorilgan. Hozirda o‘qituvchining harakati yuzasidan tuman IIB tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.



