$
 12640.21
-49.76
 13559.15
1.19
 137.02
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-mart voqealari

Qora 28-mart

Xotinini o‘ldirgan erkak 12 yilga qamaldi

“Millar” dasturining xabariga koʻra, 2023-yilning 23-mart kuni Fargʻona viloyatida erkak oʻz ayolini oʻldirgan. Holat Rishton tumanidagi koʻp qavatli uylarning birida sodir boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, ayblanuvchi erkak va uning sharʼiy nikohida yashab kelayotgan turmush oʻrtogʻi oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Janjal davomida sudlanuvchi oʻtkir tigʻli jismni olib, hayot uchun xavfli jarohatlarni yetkazgan. Natijada ayol olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.

Ushbu holat JIB Bagʻdod tumani sudida koʻrib chiqildi. Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi JKning 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb tilib, unga nisbatan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

16 yoshli bola 18 yoshli bolani qotiliga aylandi

Toshkent viloyati Angren shahrida ikki o‘quvchi o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal oqibatida ulardan biri vafot etdi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 20-mart kuni soat tungi 23:30 lar atrofida Angren shahrida yashovchi, umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi (2008-yilda tug‘ilgan) M.D. 2006-yilda tug‘ilgan O.A. bilan o‘zaro janjallashgan.

O.A. ushbu janjal sabab olgan tan jarohatlari oqibatida sog‘lig‘i yomonlashib vafot etgan. Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (Jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ikki rahbar 64 gektar yerni sotayotganda qo‘lga olindi

IIV Tezkor-qidiruv departamenti axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Hududgaz Jizzax” filiali qurilish va ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i “Jizzax neftgaz story” MChJ rahbari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaroga Zafarobod tumani hududida “Jizzax neftgaz story” MChJ nomiga baliqchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 10 yil muddatga ijara asosida ajratilgan 40 gektar hamda o‘zining yeriga tutash bo‘lgan yana 24 gektar yer maydonini jami 800 mln so‘mga sotishga kelishgan.

Kelgusida davlat o‘rmon xo‘jaligi balansidagi 130 gektar yer maydonini o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi vakolatli tanishlari orqali olib berishi evaziga 10 ming AQSh dollari berishni so‘ragan.

13-mart kuni Jizzax viloyati IIB TQX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki nafar shaxs Jizzax shahrida joylashgan mehmonxonada kelishilgan pullardan 300 mln. so‘mini oldindan bo‘nak sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

YTHda haydovchi ayol va uning farzandlari halok bo‘ldi

27-mart kuni soat 15:40 atrofida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yuz bergan yo‘l transport hodisasi oqibatida 3 kishi vafot etdi.

Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berishicha, 41 yoshli ayol haydovchilik guvohnomasisiz “Nexia 3” avtomobilida Sangardak-Denov yo‘nalishida harakatlangan. Tumanning Nilu mahallasi hududida tezlikni me’yoridan oshirishi oqibatida tik nishablikda boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘ldan chiqib ketib, beton to‘siqqa urilgan.

Avtomobilda yong‘in yuzaga kelgan. Buning oqibatida haydovchi va uning ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari voqea joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, avtomobilda bo‘lgan haydovchining yana bir farzandi hamda yaqin qarindoshi (avtomobil egasi) og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Qor ko‘chish xavfi

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, quyidagi hududlarda qor ko‘chishi ehtimoli bor:

-        Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida;

-        Surxondaryo viloyati: Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlarida;

-        Samarqand viloyati: Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlarida;

-        Jizzax viloyati: Baxmal, Zomin tumanlarida;

-        Toshkent viloyati: Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari (Chotqol tizmasi tog‘lari);

-        Namangan viloyati: Pop tumanida.

Tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Теги :
Жамият